Mashhur ko‘cha rassomi Benksi aslida kimligi ma’lum bo‘ldi
Dunyoga mashhur anonim ko‘cha rassomi Benksi taxallusi ortida yashiringan odam Robin Ganningem bo‘lib chiqdi. Bu haqda Reuters agentligi o‘z surishtiruvi asosida ma’lum qildi.
U so‘nggi paytlarda Devid Jons nomi ostida faoliyat yuritib kelgan.

2000-yilda Benksi Nyu-Yorkda Marc Jacobs reklama bilbordini bo‘yab tashlagani uchun hibsga olingan edi. Bu voqea haqida rassomning sobiq menejeri Stiv Lazarides so‘zlab bergan, biroq u aniq joy va vaqtni ochiqlamagan edi. Reuters jurnalistlari Lazarides tomonidan e’lon qilingan Hadson-stritdagi o‘sha bilbord surati orqali voqea tafsilotlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Agentlik ushbu hibsga olish bilan bog‘liq politsiya hujjatlarini topdi. Materiallar orasida rassomning o‘z qo‘li bilan imzolagan aybiga iqrorlik xati bor bo‘lib, unda Robin Ganningem ismi bir necha bor qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, hali 2008-yildayoq Mail on Sunday gazetasi Ganningem — bu Benksi ekanligi haqida yozgan edi. O‘shanda shaxsi fosh bo‘lganidan keyin Ganningem rasman hujjatlarini almashtirgan va o‘ziga yangi ism — Devid Jonsni tanlagan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu ism bilan u 2022-yilda Massive Attack guruhi frontmeni Robert Del Naya hamrohligida Ukraina hududiga kirgan (uzoq yillar davomida aynan Del Naya Benksining ishlari muallifi degan taxminlar ham mavjud edi).


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter