«Mashinaning ort g‘ildiragi»: har ming kishiga 40 ta mashina mingan o‘zbeklar (infografika)

«Avtostat» sobiq ittifoq respublikalarida har ming kishiga nechtadan avtomobil to‘g‘ri kelganini ko‘rsatuvchi infografikani taqdim etdi. Ma’lumotga ko‘ra, 1991-yilda, ya’ni ittifoq parchalanib ketishi arafasida 15 respublikada jami 17 milliontaga yaqin (16,9 millionta) yengil avtomashina foydalanuvda bo‘lgan.
Umumiy hisoblaganda, eng ko‘p mashina Rossiya (RSFSR)ga to‘g‘ri keladi — 8,9 millionta avtomobil (52,7 foiz).
Ikkinchi o‘rinda: Ukraina — 3 millionta avtomobil (17,7 foiz).
Uchinchi o‘rinda: O‘zbekiston — 830 mingta yengil mashina (4,9 foiz).
Xullas, yuqoridagi (va pastdagi) tartib respublikalar aholisi soni bo‘yicha ketma-ketligiga qariyb mosdek. Ammo...
Har 1000 kishiga mashinalar taqsimotida butunlay boshqacha manzara:
- Estoniya — 138
- Litva — 122
- Gruziya — 96
- Armaniston — 91
- Latviya — 89
- Rossiya — 60
- Turkmaniston — 60
- Ukraina — 58
- Belarus — 50
- Qozog‘iston — 48
- Ozarbayjon — 44
- Qirg‘iziston — 43
- O‘zbekiston — 40
- Tojikiston — 40
- Moldova — 40
Ta’bir joiz bo‘lsa, «mashinaning ort g‘ildiragi» bo‘lish O‘zbekiston, Tojikiston va Moldovaning chekiga tushgan...
Oradan 30 yil o‘tdi...
O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvar holatiga, o‘zbekistonliklar ixtiyoridagi avtomobillar jami soni 2 million 580 ming 133 tani tashkil etgan.
Shundan:
- Yengil mashinalar — 2 410 421
- Yuk mashinalar — 150 294
- Avtobuslar — 5 072
- Mikroavtobuslar — 10 590
- Maxsus transport — 3 756
Eng ko‘p mashinalar poytaxt Toshkentda — 417 646. Keyingi o‘rinlarda: Samarqand — 311 997, Toshkent viloyati — 253 073 va Farg‘ona — 243 230.
Yuqoridagi ma’lumotlar asosida, xususan, 2020-yil fevralida O‘zbekiston aholisi 34 million nafardan oshgani nazarda tutilsa, ayni paytga kelib mamlakatimizda har 1000 kishiga 141 ta yengil mashina to‘g‘ri keladi. Biroq...
«AiF» 2020-yil boshida, Jahon banki ma’lumotlariga asoslanib, tuzgan infografikada (har ming kishiga to‘g‘ri keladigan yengil mashinalar soni) jahon mamlakatlari orasida O‘zbekiston 138-o‘rinda turibdi (har ming kishiga 37 ta yengil mashina)...

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter