Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mish-mish tarqatgan chek va 20 foizli QQS. Zafar Hoshimov vaziyatga oydinlik kiritdi

Mish-mish tarqatgan chek va 20 foizli QQS. Zafar Hoshimov vaziyatga oydinlik kiritdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan tarkibida qo‘shimcha qiymat solig‘i qayd etilgan kassa cheklari keng muhokamalar keltirib chiqardi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar shoshma-shosharlik bilan buni narxlarning ustiga yana 20 foiz qo‘shilishi, deb xulosa chiqardi. Bu holatga «Korzinka.uz» tarmog‘i asosichisi va rahbari Zafar Hoshimov oydinlik kiritdi:

Bizning xarid cheklarimiz mazkur virtual muhokamalarda qayd etilmaganiga qaramasdan (tarmog‘imiz do‘konlari kecha ishlamadi, xodimlarimizga bir kunlik xordiq berdik. Buning ustiga mahsulotlarning narxlari tarkibidagi QQS ko‘rsatilgan qatorni hali cheklarimizda joriy etmadik), chakana savdodagi hamkasblarimiz himoyasi uchun bir qancha omillarni keltirishni lozim topdim.

Kecha cheklarni ko‘rib, shaxsan o‘zim shahrimizdagi bir qancha supermarketlarni (bizning supermarketlarimiz ishlamaganini yana bir bor yodga solsam) aylanib chiqdim. Xarid qilib, chek hamda narx yorliqlaridagi narxlarni tekshirdim. Cheklarda QQS bilan birgalikda inobatga olingan narxlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, mahsulotlarning umumiy qiymati, shu jumladan, QQS ham bir tiyinga oshmagan edi. Xaridorlarning o‘zlari ham bunga osongina ishonch hosil qilishlari mumkin. Barcha narx yorliqlarida narx o‘rnatilgan sana mavjud. Shu tahlit, peshtaxtalarda narxi bilan ko‘rsatilgan ushbu mahsulotlarning barchasi oktyabr, noyabr va dekabr sanalarida qayd etilgan. Men sanalar bilan birga ko‘rsatilgan yuzdan ortiq narx yorliqlarini ko‘zdan kechirdim. Chakana savdoda narxlar o‘smaganiga amin bo‘ldim.

Ehtimol ushbu so‘zlarim ayrim xaridorlarimiz uchun birmuncha yangilik bo‘lar, ammo xohlaysizmi, yo‘qmi, o‘zimizga ma’lum yoki noma’lummi, barchamiz tomonimizdan xarid qilinadigan mahsulotlarning narxlari tarkibida soliqlar bor.

Soliqlarning miqdori hamda ustamalarining cheklarda paydo bo‘lishi mahsulotlar narxlarining tarkibidagi soliqlarning namoyish etilishidan boshqa narsa emas. Bu esa juda ijobiy holat, deb o‘ylayman.  

Biz avval ham ushbu va boshqa shu kabi soliqlarni to‘lab kelganmiz. Ilk marta mazkur jarayon shaffof va ochiq namoyon etilmoqda, bu ulkan taraqqiyot.

Shaxsan men uchun bu talvasa yoki jazavaga tushish uchun sabab emas, balki xushxabardir. Yana bir bor ta’kidlayman, soliq olishning yangi tartibi joriy etilganiga qaramasdan, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan.  

Biroq men qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bir qancha turining narxlari borasida havotirda ekanligimni qo‘shimcha qilmoqchiman. Ma’lumki, hukumat sotuvi bo‘yicha aylanmasi qo‘shilgan qiymat soliqlari (QQS)dan go‘sht, tuxum, baliq, guruch, non mahsulotlari, kartoshka, piyoz va shakarni ozod qilib iste’molchilarni ushbu muhim mahsulotlarga bo‘lgan narxlarning o‘sishidan muhofaza qildi.

Fikrimcha, ushbu qadamning o‘ziyoq ulkan bir o‘sish bo‘lishiga qaramasdan, joriy etilayotgan QQS sezilarda darajada narxini ko‘tarib yuboradigan yana bir qancha muhim hamda ijtimoiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari borligiga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylayman. Axir, sabzi, lavlagi, sut mahsulotlari, karam, mosh, pomidor, bodring va boshqa shu kabi mahsulotlar savdoda QQSga tushadi, buning ustiga, agrar ishlab chiqarishda QQS yo‘qligi sababli ularga ko‘ra to‘langan soliqlarni hisoblashning imkoni yo‘q. Ushbu mahsulot turlarida QQS to‘g‘ridan-to‘g‘ri narxlarga ta’sir etmasdan qolmaydi. Men, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish bo‘yicha imtiyoz berilishi kerak bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining to‘liq ro‘yxatini taqdim etdim. Ammo, rostini aytsam, yagona yer solig‘ining bekor qilinishi va qishloq xo‘jaligida to‘liq QQS tartibi joriy etilishi tarafdoriman. Chunki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonining o‘zidayoq tarkibida QQS mavjud bo‘lgan juda ko‘plab xom-ashyo hamda materiallar: yemish, o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqalardan foydalaniladi. Ushbu QQS esa jarayonda zanjir ko‘rinishida o‘tmasdan, mahsulotlarning tannarxiga bor bo‘yicha «yotib oladi». Shu tarzda ulardan ushbu mahsulotni QQSsiz xarid qila turib, biz, chakana savdo vakillari yana bir bor ushbu miqdordan yana to‘lig‘icha soliq to‘lab, olib xaridorlarga «uzatishimiz» kerak. O‘z-o‘zidan, tabiiyki, ushbu qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi soliqqa tortishning boshqaruvi yo‘qligi sabab oshib boraveradi. Aytishim kerakki, mening tanqidlarimni diqqat bilan tinglashdi, umid qilamanki, tez orada ular kerakli manzillar tomon yetkazilib, hal etiladi.

Boshqa toifadagi mahsulotlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, sanoat ishlab chiqarishi va import tovarlari bo‘yicha narx borasida hech qanday muammo yo‘q va bo‘lishi ham kutilmayapti. Hattoki ushbu tovarlarning narxlari biroz tushishi ham mumkin.

Biz har yili tarmog‘imizda «Korzinka.uz» indeksini hisoblaymiz. Buning uchun biz tarmog‘imizda sotiladigan barcha mahsulotlarning o‘rtacha me’yoriy narxini olamiz va o‘tgan yildagi narxi bilan solishtiramiz. Shu tarzda mazkur narx indeksi o‘tgan yilda 11,4 foizni tashkil qildi. Ya’ni, mamlakatdagi o‘rtacha inflyasiya indeksidan ham kamroq.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, davlat 17-18 foiz atrofidagi nisbatan ko‘proq inflyasiyani kutgan ekan. Lekin, aynan bozordagi raqobat o‘sishi, xo‘jalik sub’yektlarining konvertatsiyaga bo‘lgan talabining bir xilda qondirilishi va iste’mol bozorining mahsulotlar bilan to‘ldirilishi inflyasiyani 15 foiz atrofida ushlab qolishga olib keldi.

O‘zimdan misol keltiradigan bo‘lsam, tarmog‘imiz chiqimlarning optimallashtirilishi, samarali logistika va kengayish ortidan keltirilgan samara tufayli inflyasiya ko‘rsatkichidan ham pastroq narxlarni bozorga taklif eta oldik. Xulosa o‘rnida umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, islohotlarning samarali borishi uchun aloqa o‘rnatish va talab-takliflarga quloq tutish muhimdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring