Mitti qotillar yoki yigirma yillik kurash

1957 yili Braziliyaning Rio-Klara fermasida xayrli ishga qo‘l urildi. Bu yerga nisbatan ko‘proq bol beradigan Afrika asalarilari keltirildi. Maqsad-vazifa aniq – ularni jaydari jinsdoshlari bilan chatishtirib, yangi turini yaratish edi.
Mutaxassislar dadil ishga kirishdilar. Irsiyatni o‘zgartirish uzoq yillar davom etdi. Axiyri muddaoga erishildi. Biroq shu asno, «Har yaxshining bir yomoni bor!» deganlaridek, qo‘qqisdan o‘ta jiddiy muammo paydo bo‘ldi.
Urchitish yo‘li bilan ko‘paytirilgan yangi asalarilar boshqa turdoshlariga mutlaqo o‘xshamasdi. Aksincha, o‘ta vahshiy va hujumkor edi. Gullarga qo‘nib, nektar yig‘ish o‘rniga gala-gala bo‘lib, odamlar va hayvonlarga to‘satdan hamla qilar va beayov nish urardi. Ularning zahrini tatib ko‘rganlarga oson bo‘lmasdi – yo og‘ir xastalikka uchrar, yo ajalidan besh kun burun jon berardilar.
Shu paytga qadar asalarilar orasida bunaqasi uchramagandi. Demak, olimlar qaydadir xatoga yo‘l qo‘yishgan, yangilik yaratamiz deb, aslida insoniyat boshiga balo keltirishgan.
Mitti gazandalar esa tez urchib, misli ko‘rilmagan darajada ko‘paya boshladi. Bora-bora Braziliya, Argentina, Boliviya o‘rmonlarini batamom zabt etdi. Har yili 350–360 kilometrdan olg‘a siljib, Shimoliy Amerikaga yaqinlashaverdi. Ular yovuz va bosqinchi lashkarlardan-da xavfliroq edi. Yo‘lida duch kelgan har qanday jonzotga gala-gala bo‘lib yopishar, ayniqsa, qoramol podalariga, qo‘y-qo‘zi otarlariga ayovsiz qiron keltirardi. Otlar, itlar, maymunlar va boshqa hayvonlarga ham tinimsiz ozor yetkazardi.
Va nihoyat, mitti qotillar qishloq va shaharlarga ham bostirib kirdi. Amerika gazetalarida bu haqda bir-biridan tashvishli xabarlar yoritila boshlandi. Mana, ulardan ayrim namunalar:
Karakas. «So‘nggi kunlarda Venesuelaning qator tumanlarida favqulodda hodisa ro‘y berdi. O‘zining tajovuzkorligi bilan dong taratgan Afrika asalarilari qishloq-shaharlar bo‘ylab odamlar va hayvonlar ustiga yopirildi. Oqibatda birgina Ansoageti shtatida 60 kishi og‘ir ahvolda kasalxonalarga yotqizildi. Monagao shtati shimolida esa darg‘azab asalarilar to‘dasi saf tortib borayotgan avtomashinalarni qamal qildi. Bu hamla tufayli ikki haydovchi hayotdan ko‘z yumdi».
Peru. «Qotil asalarilar shimoliy tumanlar aholisi uchun ham boshga bitgan balo bo‘lmoqda. Oddiy dehqon Karlos Urion Moreno bu vahshiylarning navbatdagi qurboniga aylandi. U ajal nishlariga dosh berolmay, bir zumda jon taslim qildi. «Kronika» gazetasi xabariga qaraganda, Afrika asalarilari tez-tez shaharlar sari «yurish» qilmoqda. Masalan, Chokone aholisi va shu hududda joylashgan universitet talabalari bir necha soat mobaynida qanotli dushmanlar ta’qibi ostida bo‘ldilar. Sog‘lig‘i og‘irlashgan o‘nlab odam zudlik bilan shifoxonalarga jo‘natildi».
Gavana. «Afrika asalarilari Karib dengizi shimolidagi Trinidad va Tobago orollariga ham doridi. Shu bois yon-atrofda yashovchi odamlar hayoti xavf ostida qoldi. Asalarilarning ilk hujumiga duchor bo‘lgan uch kishidan biri vafot etdi».
Xullas, tilsiz-zabonsiz yov bilan kurash roppa-rosa yigirma yilga cho‘zildi. Shu vaqt oralig‘ida Janubiy Amerika mintaqasining qirg‘oqbo‘yi hududlari rosmanasiga xavf-xatar makonlariga aylandi. O‘nlab odamlar, yuzlab jonivorlar zaharli nishlar qurboni bo‘ldi.
Bebosh mitti qotillarning tobora shimol tomon siljib, keng jamoatchilik tinchini buzayotgani qit’adagi barcha mamlakatlarda davlat ahamiyatiga molik dolzarb muammo sifatida qabul qilindi. Ularning yo‘lini to‘sish rasmiy doiralarda hal etiladigan masala darajasiga ko‘tarildi. Yuzaga kelgan vaziyat AQSh fanlari Milliy akademiyasida atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, Amerika Kongressida ko‘rib chiqildi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar rejasi tuzildi. Ko‘pchilik qaroriga ko‘ra, Amerika qit’asining ikkala mintaqasini bog‘lab turuvchi eng tor bo‘yinda gazanda asalarilar yo‘liga g‘ov qo‘yish taklifi ma’qullandi.
Nihoyat, balo-qazodan xalos bo‘lishning eng maqbul yo‘li tanlandi. Afrika va Lotin Amerikasi asalarilarini urchitishdan paydo bo‘lgan yangi turlarni yevropalik jinsdoshlari bilan chatishtirish lozim ko‘rildi. Irsiyatshunos olim Alvim Barosning aytishicha, bu niyatga erishish uchun Avstriyadan keltirilgan asalarilarning modalari Afrika asalarilari uyasiga qo‘yib yuborilgan. Biroq dastlab hech qanday ijobiy natijaga erishilmagan. Chunki «afrikaliklar» «yevropaliklar»dan begonasirab, ularni chaqib o‘ldiravergan. Shunga qaramay, vaqt o‘z ishini qildi. Oradan yillar o‘tib, ikki qit’a asalarilari o‘zaro «dil topishdilar». Natijada shafqat bilmas asalarilar o‘rnini asta-sekin beozor turlari egalladi. Xavf-xatar tabiiy ravishda ortga chekindi.
Asalarichilar va soha mutaxassislari xulosalariga tayansak, hozir Lotin Amerikasida birorta ham «nasli toza» asalarilar oilasi yo‘q. Bundan qat’i nazar, tabiatning odilligini qarang: u avvaliga odamzodni nojo‘ya qilmishi uchun qattiq jazoladi, keyin esa yana saxovat ko‘rsatib, insoniyat xatosini o‘zi to‘g‘riladi.
Shubhasiz, bu biz – Yer farzandlari uchun katta saboq bo‘lmog‘i joiz!
Abdunabi Haydarov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter