Mubashshir Ahmadga nisbatan qo‘zg‘atilgan «ish» sudga oshirildi

Joriy yil 10-may kunidan e’tiboran hibsda saqlab kelinayotgan, xalq orasida Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi.
Bu haqda uning advokati Ruslan Sodiqov ma’lum qildi.
Advokatga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi 2023-yil 11-avgust kuni Shayxontoxur tuman IIO FMB tergov bo‘limi tergovchisi tomonidan Jinoyat kodeksining 244-3-moddasi bilan, ya’ni, diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish jinoyatini sodir qilganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan. Ushbu qilmish jinoyat sifatida e’tirof etilishi uchun oldin ayni shu harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilishini taqozo etadi.
«Ustoz Mubashshir Ahmad domla Azon tv kanalida olib borgan diniy, ma’rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo‘mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatganligi uchun ma’muriy jazoga tortilgan. 2023-yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo‘g‘atilgan.
Ustoz bu holatdan xabardor bo‘lmaganlar va Turkiya Respublikasida vaqtincha yashab yurgan davrda ularga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Keyinchalik, 2023-yil 10-noyabr kuni Ustoz Mubashshir Ahmadga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llash haqida sudga iltimosnoma kiritilgan. Sudning ayni shu kungi ajrimi bilan iltimosnoma rad qilingan va ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz, munosib hulq atvordagi tilxat orqali ochiqda qoldirilgan hamda jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan», – deb yozadi advokat.
2025-yil 11-may kuni esa Mubashshir Ahmad ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1 -moddasi 3-qismi «g» bandi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan. Bunga Mubashshir Ahmadning shu nomdagi telegram kanaliga joylashtirgan «Ulamolarning isroilga qarshi jihod fatvosi nimani anglatadi» nomli videodagi suhbati asos bo‘lgan.
Tergov jarayonida Mubashshir Ahmadning «Azon Global» Halqaro mediakanali va ijtimoiy tarmoqdagi boshqa kanallaridagi materiallar ham tekshirilgan va natijada ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmaganligi o‘z tasdig‘ini topgan.
«Istisno sifatida Isroilning G‘azoda sodir etayotgan genotsidiga oid berilgan fikrlari va ba’zi boshqa holatlarga oid fikrlarida ekspertiza xulosasiga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyati alomati aniqlanib, ayblov Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi bilan to‘ldirildi. Modda sanksiyasiga ko‘ra, ushbu harakat uchun jazo uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan», – deb yozadi advokat.
Advokat Ruslan Sodiqov, o‘z navbatida, tajribasi bilan bo‘lishib, Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddalari sanksiyasi birmuncha yumshoqligi, shu bois himoyasi ostidagi Alisher Tursunovga nisbatan sud belgilaydigan ta’sir chorasi qamoq bilan bog‘liq bo‘lmasligi ehtimolini ilgari suradi.
Manba: facebook.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter