Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MULOHAZA yoki yuz yillar avval bitilgan ikki misraning bugungi, «ekologik» sharhi

MULOHAZA yoki yuz yillar avval bitilgan ikki misraning bugungi, «ekologik» sharhi

Yarim kechasi uyg‘onib ketib, to‘rtinchi qavat derazasidan tashqariga ko‘z solsam, shahar quyuq tuman ichra g‘arq bo‘lgan ekan. Va, o‘sha zahoti miyamda ulug‘ Cho‘lponning yuqoridagi misralari portladi:

Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,

Nega sening boshingla quyuq bulut, ko‘lanka?!..

Shoirga qo‘shilib biz ham «Nega?!..» deymiz.

Bu savol hali-hamon munosib javobini topgani yo‘q. Munosib javobini topsa, ulug‘ shoirlarimiz yozgan ko‘pgina achchiq she’rlar qog‘ozlardagina qolardi, miyalarda tinmay portlamasdi.

Cho‘lpon boboning bulut va ko‘lankasi ramziy ma’noda edi. Ya’ni bostirib kelayotgan xavf ramzlashtirilgandi. Bugun xavf ramzlar qolipini parchalab chiqib, real mazmun kasb etib turibdi. Bugungi tuman, ko‘lanka, chang, g‘ubor faqat ramziy emas, balki real, naqddir!

Shu yilning 3-yanvar, chorshanba kuni ertalab soat 8:00 holatiga ko‘ra, Toshkent havosidagi RM2,5 zarralari miqdori 67,5 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu JSST tavsiyasidan 18,7 baravar yuqori, ya’ni O‘zbekiston poytaxti havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinni egalladi, havo darajasi - «zararli», deb topilgani haqida ma’lumotlarni o‘qidik.

Nega?!

Chunki hali-hamon aqllanmadik.

Qora bulut va ko‘lanka deganda shoir asosan chorizm, bolshevizm xavfini nazarda tutgan edi. Yana jaholatni ham. Ular hamon bor. Biroq endi ularning yoniga dunyo qadar boshqa xavflar kelib qo‘shildi: korrupsiya, tanish-bilishchilik, mahalliychilik, tor ko‘ngillilik, ilmsizlik, sohalardagi yomon boshqaruv, ekologik muammolar, sifatsiz ta’lim, kadrlar masalasi...

Ummon yo dengizda suzib ketayotgan kemaga cho‘kish xavf solar ekan, odatda, og‘ir yuklardan xalos bo‘linadi. Yuqorida sanalgan va yana sanalmagan qanchadan qancha illatlarimiz millat kemamizni cho‘ktirayotgan og‘ir, shu bilan birga, zararli yuklardir. Biz ularni quturgan suvlarga otmasdan, kemamizni omon saqlay olmaymiz – tumanlar, ko‘lankalar qurshab kelib, real mazmun kasb etaveradi.

Bas, keskin choralar ko‘radigan vaqt allaqachon kelgan: mamlakat boshkenti, yuragi bitta bo‘ladi, lekin uning iqtisodiy, madaniy, intellektual markazlarini ko‘paytirish kerak. Nega bu borada Toshkentga yaqinlashadigan boshqa shaharlarimiz yo‘q?..  

Ko‘p yillar avval Leonardo Da Vinchi to‘g‘risida bir fil’m ko‘rgandim. Unda daho san’atkor va mutafakkir u shahardan bunisiga ko‘chib yuraveradi va hammasida ijod uchun, tafakkur uchun imkon, sharoit topaveradi. XV va XVI asrda shunday edi. Bizda haligacha (XXI asrda!) o‘qiyman, mutaxassis bo‘laman degan odam, o‘zimdan qiyos, bitta shaharga – Toshkentga yuguradi. Hammamiz bitta shaharga chopaverganimizdan keyin uning yuki (havosi, iqlimi, sharoiti!) og‘irlashadi-da. Biroq viloyatdan kelayotgan yurtdoshlarni ko‘kragidan itarishni qo‘yib, har bir viloyat markazini boy infratuzilmali shaharlarga aylantirish, o‘quv va sanoat dargohlarini, ish o‘rinlarini ko‘paytirish lozim, bas, har kim avvalo o‘z kichik vatanida qo‘nim topishni afzal ko‘rsin. Odamlar Toshkentga havasdan chopmaydi, ish, pul toparmikanman degan ilinjda keladi. Ishlash, pul topish sharoitini eng ko‘p poytaxtda yaratib qo‘yganimizdan keyin Toshkentga kelinadi-da!.. Ana, xuddi shunday imkonlari bo‘lgan dunyoning turli markazlariga ham o‘zimizni uryapmiz-ku!.. Agar maqsad muammoning yechimini topish bo‘lsa, barcha yondashuvlarda insoniyatning ana shunday ta’mal ehtiyojlari hisobga olinmog‘i shart! Buning boshqa chorasi yo‘q.

Keyin katta shaharlarda o‘ta sifatli jamoat transportini yo‘lga qo‘yish kerak. Shunday yo‘lga qo‘yish kerakki, shaharliklar shaxsiy mashinasini qo‘yib, masalan, zamonaviy travmayga chiqishni afzal bilsin! Bitta tramvay yuzlab odamni o‘z bag‘riga oladi. Demak, bitta tramvay (avtobus, minibus va h.k...) shuncha mashinalar o‘rnini bosadi ham. Qarabsizki, ko‘chalardagi tiqin – tirbandlikka ham barham beriladi. Muammoni taqiqlar bilan emas, balki shu tarzda alternativ imkonlar yaratish orqali yechsa, natijasi mustahkamroq bo‘ladi. Hatto boshkentga viloyatlardan, shuningdek, Toshkent viloyati rayonlaridan turli sabablar bilan kelayotgan vatandoshlarimiz shaharga yetib kelgach, man qilingani uchun emas, yo‘q, balki qulayligi uchun shaxsiy avtosini turargohga qo‘yib, jamoat transportiga chiqishni ma’qul ko‘rsin.

Ha, albatta, Toshkent ichi va tashida yashil zonalarni, bog‘u parklarni ko‘paytirish, qurilishni qat’iy nazoratga olish, mo‘risidan zaharli moddalar chiqarayotgan zavod bo‘ladimi, mashina bo‘ladimi, boshqami, barchasiga yechim topish zarur. Bunday ishlarni nafaqat boshkentda, balki boshqa joylarda ham – qishlog‘u shaharlarimizda amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Shularni bajara olamizmi?..

Yo‘q esa, qiladigan bitta ishimiz qoladi, u ham bo‘lsa, ovozimizni hirqiratib, ko‘zlarimizni yoshlab, Cho‘lpon boboning yuqoridagi ikki misrasini takrorlash:

Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,

Nega sening boshingla quyuq bulut, ko‘lanka?!..

Shoir shu ikki misraga elning butun dardini, muammosini joy aylab qo‘ygan. O‘zining mayda, shaxsiy muammolarini shig‘irga aylantirib ming‘irlaydigan «shair»lardan bezib ketib, «Bizga shoir kerakmi?», deya negativ savol qo‘yayotgan yurtdoshlarni tushungan holda, chinakam, ulug‘ ijodkorlar dardiga quloq solishni tavsiya qilaman. Zero ular real xavfdan, – sizu bizdan ancha oldin, aytaylik, yuz yillar burun, – xabar beradi. Quloq solish-solmaslik esa, yana o‘zimizga tan:

Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,

Nega sening boshingda quyuq bulut, ko‘lanka?!..

                                                                                                       Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring