Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nobel mukofotini ololmagan mashhurlar: Gandidan Kennedigacha

Nobel mukofotini ololmagan mashhurlar: Gandidan Kennedigacha

Tinchlik uchun Nobel mukofoti «xalqlar o‘rtasida birodarlik uchun, doimiy armiyalar sonini qisqartirish, tinchlik kongresslarini o‘tkazish va rag‘batlantirish uchun eng ko‘p va eng yaxshi ishlarni amalga oshirganlar”ga beriladi.

Covrindorlar orasida Martin Lyuter King (1964), 14-Dalay Lama (1989), Nelson Mandela (1993), Desmond Tutu (1984), Aung San Sun Chi (1991) va ona Tereza (1979) kabilarni uchratish mumkin.

Quyida esa tinchlik uchun kuchli targ‘ibot olib borgan, ammo Nobel mukofoti berilmagan mashhurlar haqida ma’lumot beramiz.

Mahatma Gandi

Mashhur zamonaviy zo‘ravonliklarsiz kurash faoli faqatgina bir marta emas, balki bir necha marta mukofotdan rad etilgan. Gandi hatto 1947 yilda, o‘ldirilishidan bir necha kun oldin ham nomzod bo‘lgan edi. Nobel qo‘mitasi nafaqat Gandining tinchlik uchun harakatlarini inobatga olmadi, balki o‘sha yili mukofotni hech kimga bermadi va «mukofot uchun munosib nomzod yo‘q» ekanligini ta’kidladi.

2015 yilgi mukofot sohiblaridan biri Kailash Satyarthi Nobel qo‘mitasi tomonidan «yosh bolalarni moliyaviy manfaatlar uchun og‘ir ekspluatatsiya qilishga qaratilgan har xil turdagi norozilik va namoyishlar»da «Gandi an’analarini saqlab qolgan» deya ta’riflangan.

Papa Jon Paul II

U katolik cherkovining 2000 yillik tarixi davomida eng uzoq xizmat qilgan uchinchi papa bo‘lgan. O‘z faoliyati davomida 129 mamlakatga sayohat qilib, diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilgan. U, shuningdek, cherkov tomonidan sodir etilgan gunohlar, jumladan ruhoniylar tomonidan qilingan jinsiy zo‘ravonlik haqidagi da’volarga javoban misli ko‘rilmagan darajada ko‘p kechirim so‘ragan. 2000 yilda u shunday bayonot berdi:

«Biz kechiramiz va kechirim so‘raymiz. Biz nasroniylar orasidagi bo‘linishlar, zo‘ravonliklar va boshqa dinlar vakillariga nisbatan ishonchsizlik hamda dushmanlik munosabati uchun kechirim so‘raymiz».

Papa, shuningdek, kommunistik hukumatlarga qarshi tinch harakatlarni rag‘batlantirgan. CNN hisobotida papa quyidagicha tasvirlangan: «Rim-katolik cherkovi tarixida eng ko‘p sayohat qilgan papa. U deyarli har bir harbiy diktator yoki kommunistik hukumatga qarshi turgan».

Endryu Karnegi

Urushlarni butunlay to‘xtatishga ishongan va shuning uchun tinchlikni targ‘ib qilish missiyasi bilan yangi tashkilotga asos solgan. Imperializmga qarshi bo‘lgan. Filippin AQShdan mustaqilligini sotib olishi uchun shaxsiy hisobidan 20 million dollar taklif qilgan. Biroq, u hech qachon tinchlik mukofoti bilan taqdirlanmagan. U, shuningdek, «Millatlar ligasi»ning birinchi tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. Patsifistik mentalitetga qaramay, uning o‘z ishchilariga nisbatan munosabati qattiq tanqid ostiga olingan. Tanqidlar ayniqsa uy-joy xo‘jaligi ishchilari ish tashlashlari vaqtida kuchayib ketgan.

Anna Politkovskaya

Rossiyalik jurnalist Chechenistondan reportajlari va Ikkinchi chechen urushi davridagi inson huquqlari buzilish holatlarini fosh qilganligi bilan mashhur edi. 15 yil oldin jurnalist o‘ldirilgan. Uning o‘limiga kim buyurtma berganligi esa haligacha sirligicha qolmoqda.

2015yilda u ishlagan «Novaya gazeta» tinchlik uchun mukofotga nomzod sifatida shov-shuv keltirib chiqargan, biroq yakunda mukofotni qo‘lga kirita olmagan edi.

Jon F. Kennedi

Ushbu shaxs Vetnam urushini boshlagan bo‘lishi mumkin, biroq urushdan oldin u butun dunyo bo‘ylab tinchlikka xayrixohlikni targ‘ib qiladigan dastur – Tinchlik korpusini taqdim etgan edi.

Ushbu dastur doirasida amerikaliklar butun dunyo bo‘ylab muhtoj insonlarga beminnat yordam berishdi. Jon Kennedi hech qachon mukofotni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, boshqa AQSh prezidentlari, jumladan Teodor Ruzvelt, Vudro Vilson va Barak Obama kabilar mukofot bilan taqdirlangan edilar.

Laziz Baxtiyorov tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring