Nuqtai nazar: Ikkiyuzlamachilik
Hayotda har xil insonlarni uchratamiz: xushfe’l, yordamga shay, mehribon, shu bilan birga qo‘rs, tajang, dilozor, qonun-qoidalarni mensimaydiganlar. Bundaylarni-ku, xarakteridan kimligini bilasiz va shunga qarab muomalada bo‘lasiz. Ammo ikkiyuzlamachi odamlar borki, ularni dabdurustdan payqash oson kechmaydi.
Ikkiyuzlamachilar xuddi o‘g‘ri, yulg‘ich, poraxo‘r kabi insoniyatga kulfat keltiruvchi kishilar. Eng yomoni, el nazaridagi shaxslar, mashhurlar, amaldorlarning shu illatga mubtalo bo‘lgani, og‘iz ko‘pirtirib gapirgan gaplariga o‘zilari mutlaqo teskari ish tutishi — millat uchun xiyonat desak yanglishmaymiz.
Men havas qilgan ayol
2000-yillar. Yangam hamshira edi. Mahallada kimdir ukol olishi kerak bo‘lsa, yangamni izlab qolar, u hech qachon hech kimga yo‘q deyolmas, yosh bolasini tashlab qish-qirovli kunlardayam, yozning jaziramalarida ham hovlima-hovli yurib ukol qilishdan og‘rinmasdi.
Mahallamizda obro‘li bir xonadon bor: Farida buvining oilasi. Shundoqqina shahar biqinidagi qishloq bo‘lganimiz uchun ko‘pchilik shaharga qatnab ishlar, Farida buvining o‘g‘li va kelini ham viloyatimiz markazidagi universitetda dars berishardi. Nozim aka — buvining yolg‘iz o‘g‘li, xotini Ziyoda opa bilan birga o‘qishgan, endi birgalikda fan doktori bo‘lish uchun yana ilm olishyapti. Nozim aka mahallada kam ko‘rinardi. Mashinasini g‘izillatib o‘tib-qaytadigan Ziyoda opa esa qishloqdagi yagona haydovchi ayol bo‘lgani uchunmi menga yaxshi tanish, hatto unga havasim baland, opa kabi ilmli ayol bo‘lishni orzu qilardim. Shu ayol qaynonasiga ukol qilishni yangamdan ko‘p iltimos qilardi.
Bir gal buvinikiga men ham birga bordim. Eshikni taqillatdik, javob bo‘lmadi. Hovliga kirdik, yana jimlik. So‘ng buvi yotgan xona tomon yurdik. Uzun, qorong‘i dahlizdan borarkanmiz, Ziyoda opaning qattiq-qattiq gapirayotgani eshitila boshladi:
— Nega ming‘irlayverasiz?! Jonga tegib ketdingiz-ku! Namuncha tushunmaydigan kampirsiz?! Mana — ovqatingiz, mana — termos to‘la issiq choy! Televizor o‘lgur o‘chmasa. Sizga yana nima kerak?!
— O‘g‘limni sog‘indim-da, kelin... Ikki oydan beri kelmadi.
— Kelmaydi! Bekorchi emas!
— Sog‘indim...
— Sog‘inmang! Hozir chalg‘imasligi kerak o‘g‘lingiz, ilmiy ish yozyapti. Siz bularni qayerdanam tushunardingiz!? Shukur qiling, xabar olib turibman. Kasal bo‘lib qolganingiz-chi? Hech bo‘lmasa, shularga zararim tegmasin, deyish ham yo‘g‘-a sizda!
Malollanish va zardali ohangda gapirayotgan Ziyoda opani eshikka yetgunimizcha men, maktabni tugatayotgan o‘smir o‘zim uchun kashf qilib ulgurdim. Xonaga kirdik, sochlari “kare” kesilgan, yuz-ko‘zlaridan jahl yog‘ilib turgan qirq yoshlardagi ayol bizni ko‘rishi bilan birdan muloyimlashdi:
— Oyijon, ana do‘xtiringiz ham keldi, — dedi va buvining ust-boshlarini to‘g‘riladi. Keyin bizga qarab dedi: — Yosh bolaga o‘xshab qolganlar. Nuqul yomon xayollarga boradilar. Hozir ham “o‘lib qolaman”, deyaptilar. “Qo‘ying, bunday gaplarni!” deb urishib turaman-da shunaqa.
Buvining qoq suyak qo‘liga yangam osma ukol ulab yubordi. Ziyoda opa zarur ishi borligini aytib chiqib ketdi. Xonani kuzataman, xuddi kasalxona palatasini eslatadi. Qandaydir sovuq, yurakni siqadigan yoqimsiz muhit. Karavot yonidagi kichik stolga gazeta to‘shalgan, ustida atir gul rasmi tushirilgan pushti termos, labi uchgan paxta gulli piyola, taqsimchada bir qisim oq qand turibdi.
— Buvi, nevaradan nechta? — oradagi jimlikni buzib kampirni gapga soldi yangam. Shunda buvining chehrasi yorishdi:
— Ikkita o‘g‘il nevaram bor. Kattasi chet elda o‘qiyapti, kichigi Toshkentda litseyda.
— Bu yerlarda ko‘rinishmaydi-da, shunga bilmas ekanmiz, — dedi yangam.
— Ta’tilda kelishadi. Bir yilda bir marta ko‘raman men ham...
Buvining mungli ko‘zlari, yurakni siquvchi xona va shu manzaraga yarashmay yaraqlab turgan pushti atirgulli termos anchagacha xayolimdan ketmadi. Ziyoda opaga havasim esa o‘z-o‘zidan so‘ndi. Qachon qaramang, qo‘li ko‘ksida, tavozeli bu ayolning qari qaynonasiga munosabati menga uning asl basharasini ko‘rsatgandek edi. Ammo bu hali hammasi emas ekan.
“Xalqimizga qanchalar isnod?!”
2020-yil. Poytaxt mahallalaridan birida “Hayot maktabining muallimlari” deb nomlangan, oila totuvligida qaynona-kelin roliga bag‘ishlangan bir tadbir bo‘ldi. Tadbirni yoritish uchun taklif qilishdi. Bordim. Fuqarolar yig‘ini raisi tadbirni ocharkan, mahallada oilaviy ajrashish bilan bog‘liq holatlar ko‘payayotgani, bunday muammolarni hal etishda ibratli onaxonlar maslahati nihoyatda zarurligini aytdi. Birinchi so‘z navbatini fan doktori, professor bir ayolga berdi. Ayol minbarga chiqdi.
— Men tadbir boshlanishidan oldin ajrashishga qaror qilgan kelinchak bilan gaplashib ko‘rdim. “Qizim, nima muammo?” deb so‘radim. “Muammo — qaynonam”, desa bo‘ladimi?! Men uyalib ketdim, azizlar. Eri yaxshi emishu, uni tug‘ib voyaga yetkazgan onasi yomonmish! Bu qanday gap axir?! Xalqimizga qanchalar isnod?!
To‘ladan kelgan, oltmishlarni qoralagan, sochlari “kare” kesilgan opaxon ishtirokchilarni o‘ziga “mixlab”, otashin nutq boshladi.
— Bilasizlarmi, — davom etdi u, — xalqimizda “buvisi, bobosi bor xonadonga quda bo‘ling”, degan ibora ko‘p aytiladi. Bu, bejiz emas. Ota-ona ko‘p hollarda ish, o‘qish, oila tashvishlari bilan bo‘lib bolalarini nazorat qilolmaydi, yaxshi tarbiyalay olmaydi. Buvijon va bobojonlar esa nabiralarini hayotga o‘rgatib, yaxshi gap, pand-nasihatlari bilan urf-odat va qadriyatlarimizni ular ongiga singdiradilar. Axir, qaynona-qaynotalar sizlar uchun tayyor ustoz-ku! Uyingizning qulfi-kaliti, farishtasi-ku shu insonlar! Nega ulardan noliysiz?!
Opa borgan sari ruhlanib, qo‘llarini nuqtab o‘tirganlarga murojaat qilar, qaynona-qaynotasini yomonlash — borib turgan pastkashlik ekanini bot-bot ta’kidlardi.
— O‘zimdan misol: qaynonamning hurmatini joyiga qo‘yganman. Hech qachon gap qaytargan emasman. Rahmatli, nihoyatda qattiqqo‘l edi, men yumshoq kelin bo‘ldim. O‘qishimga qarshilik qilganida indamadim, jahldan tushishini kutdim, bolalarimni tarbiyalashda unga suyandim, mehr bermasa-da, bor mehrimni ayamadim. Jon berayotib, “Mingdan ming roziman, qizim”, deb, yig‘lab kechirim so‘radilar. Farida ayajonim qo‘llarimda uzildilar.
Shundagina uni tanidim, axir bu — mahallamizning kelini o‘sha Ziyoda opa-ku. Professor bo‘libdi-da. Qulog‘imda uning nutqi emas, “Qanaqa tushunmagan kampirsiz?! Jonga tegib ketdingiz! Buncha ming‘irlayverasiz!” degan shang‘illashlar eshitilar, nevaralari haqida gapira turib, “bir yilda bir ko‘raman ularni”, deya ezilgan buvining beozorgina chehrasi, nochorligi, o‘sha yoqimsiz manzarali xona ko‘z o‘ngimda gavdalanardi. Professor esa avjida:
— Turmushning pastu balandini ko‘rgan, qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib o‘tgan, hamisha qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y tashvishi bilan yashagan nuroniylar tajribasi oilalar totuvligi, bolalarimizning to‘g‘ri tarbiya olishlarida haqiqatan ham katta hayot maktabidir!
Mazmundor nutq shu yerda yakun topdi. Qarsaklar yangradi. Minnatdorliklarni ayting. Kimdir oilaviy munosabatlar haqida savol ham berdi. Professor shunday donishmandona javob qaytardiki, boyagi savol bergan ayol ta’sirlanib ketdimi ro‘molini og‘ziga bosib yig‘lab yubordi.
Tadbirdan so‘ng uyga qaytarkanman, Farida buvi hech xayolimdan ketmasdi. Uning taqdiri bilan qiziqib, yangamga qo‘ng‘iroq qildim. Balki opa fan doktori bo‘lgach, qaynonasiga yaxshi qaragandir, sho‘rlik kampir umrining oxirida yakka o‘zi qolib ketmagandir?
— To‘g‘ri, yolg‘iz qolib ketmadi, qariyalar uyida, shifokorlar qurshovida jon berdi, — dedi xo‘rsingacha yangam. — Xabaringiz bor, bolalarim bog‘cha yoshiga yetgach, viloyat markazidagi qariyalar uyiga ishga kirgandim, qarangki, Farida buvini o‘sha yerga tashlab ketishgan ekan. Qo‘ni-qo‘shniga “Toshkentga ko‘chirib olib ketyapmiz”, deyishuvdi. Biror marta xabar olishmadi. Ahvoli og‘irlashganida chaqirtirdik, kelishmadi. Vafot etganidan so‘ng kelini va o‘g‘li kelib, aya va uning so‘nggi kunlari haqida emas, aksincha, “Termos bor edi, pushti termos. Qani?”, deb so‘rashsa, g‘alati bo‘lib ketdim. Qo‘shni xonadagi bemor qariyaga o‘sha termosda choy damlab, kiritib berishgan ekan. Eshitib jahllari chiqdi. Termosni topdirib opa sumkasiga joyladi. Hozir ular Toshkentdagi qaysidir universitetda dars berisharkan.
Ziyoda opa minbarda qaynonasini yomonlagan kelinchak uchun uyalib ketganini aytgandi. Men esa el oldida, minbarlarda, televizorlarda mehr-oqibat, oila, tarbiya, qariyalarga muravvatli bo‘lish haqida og‘iz ko‘pirtiradigan, ammo o‘zi teskarisini qiladiganlardan biri bilan ro‘baro‘ bo‘lganimdan, boz ustiga unga bir paytlar havas qilganimdan uyat ichida edim. Dono xalqimiz “Odobni odobsizdan o‘rgan”, deydi. Juda to‘g‘ri. Mahallada tashkil qilingan “Hayot maktabining muallimlari” tadbiri ham menga kattagina hayotiy saboq bergandi.
Ular eng yomon odamlardir
Imom Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” asarida ikkiyuzlamachilik borasida ushbu hadis keltiriladi: “Abu Hurayra rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v.): “Qiyomat kuni Alloh taoloning dargohida bir odamga bu yuzi birlan, ikkinchi odamga ersa boshqa yuzi birlan yuzlanuvchi eng yomon odamlarni — ikkiyuzlamachilarni uchratasan, dedilar”. E’tibor bersak, hadisda “yomon odamlar” emas, “eng yomon odamlar” ikkiyuzlamachilardir deyilmoqda. Demak, ikkiyuzlamachilarning insonlarga, jamiyatga keltiradigan zarari boshqa yomon odamlar keltiradigan zararlaridan ko‘proqdir.
Yulduz Hojiyeva, jurnalist


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter