«Odam va Omad». 28 yilda yozilgan zarbuldoston
O‘zMU jurnalistika fakultetida «Odam va Omad» zarbuldostoni muallifi, shoir Safar Olloyor va atoqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldosh bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ijodiy muloqot davomida professor Qozoqboy Yo‘ldosh «Odam va Omad» asarining badiiy konsepsiyasi xususida to‘xtalib, «mana endi adabiyotimizda birinchi zarbuldoston paydo bo‘ldi» deb ta’kidladi va mazkur monumental asarning yozilishi chinakam ijodiy hodisa bo‘lganligiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, jamiyat va inson hayotida adabiyotning o‘rni betakrorligi, ko‘ngil atalmish nozik xilqatni tadqiq etishda uning roli beqiyos ekanligi xususida atroflicha mulohaza yuritdi: «Umuman olganda, tevarak-atrofimizdagi o‘n sakkiz ming olamni tushunish, anglash oson, lekin ko‘ngilni bilish qiyin, chunki chek-chegara bilmaydi bu ko‘ngil degan narsa. Chin shoir uni tadqiq qilishga harakat qiladi.
Izlanuvchan shoir Safar Olloyor ana shu nozik xilqatdagi nozik tuyg‘ularni teran his qiladi va zarbuldostonida katta mahorat bilan yorqin ifoda etadi. Mazkur asarda adabiyotda birinchi marta shoir o‘zini o‘zidan farqlaydi: «Dedi Safar» va «Dedimki men» tarzidagi badiiy dialog bilan ajoyib kashfiyot qilgan. Buni «shoir bilan lirik qahramon» deymizmi yo «shoir bilan ichki «men»i o‘rtasidagi o‘zaro muloqot» deymizmi, hali adabiyotda bunday tajriba qo‘llanilmagan edi. Aslida san’at nimasi bilan san’at? San’at yagonaligi – bir nusxada ekanligi bilan san’at, agar ikkinchi nusxasi bo‘lsa, u sanoatga aylanib qoladi. «Odam va Omad » asarining yana bir muhim jihati shundaki, muallif sakkiz doston, to‘qqiz she’r va to‘qqiz mitti hikoyatlarni yaxlit tarzda bir-biriga shunday jipslaganki, bir-biriga shu qadar badiiy mahorat bilan puxta payvandlaganki, birontayam so‘z ikkinchi bir so‘zga uyg‘unlashtirilmagan holda ishlatilmagan, hatto yuzga yaqin ichki sarlavhalarning hammasi bir-biriga qofiyalashtirilgan: «El so‘ylagan rivoyat – Ezgu O‘ydan iborat», «Mo‘’jaz saxovatda savob bor katta»...
Odatda oddiy qofiyadan so‘ng mohiyatga o‘tiladi. Bu asarda esa, sarlavhadan oldin ifodada o‘sha sarlavhaga zarurat hosil qiladi shoir, keyin o‘sha qofiyaga moslab sarlavha yasaydi: «Hamiyat – mayin talab, vaziyat – tayin sabab», «Lirik chekinish – mavridli tinish» kabi. Salkam ikki yuz betlik asar ana shunday o‘zaro uyg‘unlikka qurilgan va muntazam uzviylikni tashkil etadi bular. Bunaqasi adabiyotda uchramagan edi. Iste’dodning qudrati shundaki, ana shunday murakkab topilmalarni qo‘llash – iste’dodli odamning qo‘lidan keladigan ish. Bizga Navoiyning takrori yoki Abdulla Oripovning «kseronusxa»lari kerak emas, ularning o‘zlari yetarli adabiyotimizga, balki aynan mana shu «Odam va Omad»day yangi, original asarlar ma’naviyatimizni yuksaltirishga, adabiyotimizni boyitishga xizmat qiladi.»
Ijodiy uchrashuvda qayd etildiki, shoir ushbu yirik monumental asarini 1990-2018-yillar mobaynida, ya’ni 28 yil davomida yozgan. E’tirof etish joizki, shoir Safar Olloyor qalamiga mansub ilk zarbuldoston – «Odam va Omad» kitobi O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tomonidan adabiyotda ilk janr sifatida tan olinib, 2018 yil 25 mayda 000800 raqamli guvohnoma bilan taqdirlangan. Mazkur hujjat mualliflik huquqlari bo‘yicha Butunjahon konvensiyasiga a’zo bo‘lgan dunyoning 167 ta davlatida rasman amal qilishini inobatga olsak, chindan ham, hamyurtimiz juda katta ijodiy muvaffaqiyatga erishganiga amin bo‘lamiz. Bunday olamshumul yangilik bilan shoir Safar Olloyorni ham, adabiyot muxlislari bo‘lgan millatdoshlarimizni ham qutlaymiz.
Ilmga chanqoq talabalar – bo‘lg‘usi jurnalistlar ushbu ijodiy muloqotdan katta taassurot oldilar. O‘zlari ham ijodiy mashqlaridan o‘qib, ustozlar nazaridan o‘tishdi. Shuningdek, taniqli shoirning ijodiy tajribalaridan bahramand bo‘lishdi. Qizg‘in ijodiy ruhda o‘tgan uchrashuv so‘ngida, ustoz-shogirdlik an’anasiga ko‘ra, ziyoli ishtirokchilar bundan buyon o‘zaro muloqotda bo‘lib turishga kelishib olishdi.
Mohichehra Jumayeva, O‘zMU tadqiqotchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter