Olimlar Oy tuprog‘idan o‘zga sayyorlarning hayot izlarini qidirmoqchi
AQShdagi SETI instituti tadqiqotchilari o‘zga sayyora sivilizatsiyalarining ehtimoliy izlarini Oy tuprog‘idan qidirishning yangi usulini taklif qildi.
Doktor Lyuis Pino (Lewis Pinault) boshchiligidagi olimlar Oy regolitida milliardlab yillar davomida to‘planishi mumkin bo‘lgan mikroskopik sun’iy zarrachalarni izlashni rejalashtirmoqda. Bunday zarrachalar ilgari mavjud bo‘lgan texnologik sivilizatsiyalar faoliyati yoki kosmik parvozlar natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan faraz ilgari surilgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, Oy bunday izlarni saqlab qolish uchun qulay muhit hisoblanadi. Chunki unda atmosfera va suyuq suv yo‘q, geologik faollik ham juda cheklangan. Shu sababli Oy yuzasida kosmosdan kelgan chang va boshqa zarrachalar milliardlab yillar davomida saqlanishi mumkin.
Olimlar mikroskopiya, nanomateriallarni tahlil qilish va sun’iy intellekt yordamida tasvirlarni o‘rganish usullaridan foydalanishni taklif qilmoqda. Kelajakda NASA’ning Artemis va Xitoyning Chang‘e missiyalari olib keladigan Oy tuprog‘i namunalari ham ushbu usulni sinab ko‘rish imkonini berishi mumkin.
Tadqiqot hozircha International Journal of Astrobiology jurnalida ko‘rib chiqilayotgan ilmiy ish sifatida taqdim etilgan. Mualliflar hozircha o‘zga sayyora texnologiyalariga oid biror dalil topilganini bildirmagan — ish faqat bunday izlarni ilmiy usulda qidirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, SETI — Search for Extraterrestrial Intelligence, ya’ni o‘zga sayyoralardagi aqlli hayot va texnologiya belgilariga oid ilmiy qidiruv dasturlari majmuasidir. Hozirga qadar kelib chiqishi shubhasiz tarzda o‘zga sayyora sivilizatsiyasiga bog‘langan signal aniqlanmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter