Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bojxonada oltin quymani bolasining tagligida olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi

Bojxonada oltin quymani bolasining tagligida olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Toshkent viloyatidagi «Navoiy» chegara bojxona postida bolalardan foydalangan holda oltin va xorijiy valyutani noqonuniy olib chiqishga urinishlarning oldi olindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holatlardan birida O‘zbekistondan chiqib ketayotgan ayol chaqalog‘ining tagligiga qariyb 200 gramm og‘irlikdagi ikki dona oltin quymani yashirib olib chiqishga uringan. Shuningdek, uning yonidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 70 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlari ham aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatda noqonuniy olib chiqilishiga uringan oltin buyumlarning umumiy qiymati qariyb 450 million so‘mni tashkil etgan.

Yana bir holatda esa qo‘shni davlat fuqarosi 14 yoshli qizining kiyimlari ostiga 40 ming AQSh dollarini yashirib, uni O‘zbekistondan olib chiqishga uringan vaqtida bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Bojxona qo‘mitasi eslatishicha, jismoniy shaxslar bojxona qoidalariga rioya qilgan holda O‘zbekistondan 100 million so‘mgacha ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutani cheklovlarsiz olib chiqishi mumkin. Mazkur me’yor rezident va norezident jismoniy shaxslarga birdek tatbiq etiladi.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishga jalb qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi.

Hozirda har ikkala holat yuzasidan bojxona surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring