Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orzular ushalgan kun: Prezident tashrif buyurgan onkologiya markazidagi bolalarning kayfiyati qanday?

Orzular ushalgan kun: Prezident tashrif buyurgan onkologiya markazidagi bolalarning kayfiyati qanday?

Foto: SSV Matbuot xizmati

Xabaringiz bor, shu yilning 14-may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bo‘lib, u yerda davolanayotgan bolajonlar holidan xabar olgan edi.

Hammamizga ma’lumki, onkologik kasalliklar butun dunyoda davolash uchun katta mablag‘ va yuksak tibbiy imkoniyatlar talab qiladigan xastaliklar qatoriga kiradi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda onkologik kasalliklarning «yosharib» borayotgani barchani xavotirga solmoqda. Prezidentimizning muborak ayyom kunlarida aynan onkologiyaga ixtisoslashtirilgan markazga tashrif buyurgani ham bejiz emas.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan Nodiragim Qosimova onasi Komila bilan

Uchrashuv chog‘ida bemor bolalarning har biri bilan davlat rahbarining shaxsan o‘zi suhbat qildi, ularning muolajalari uchun zarur sharoitlarni muhayyo qilish, ularning tezroq to‘laqonli hayotga qaytishlari uchun mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. SSV Matbuot xizmati shu kunlarda butun mamlakatning e’tiborida turgan tibbiyot markazining bolalar bo‘limida davolanayotgan bemorlar va ularning ota-onalarining kayfiyati va taassurotlarini o‘rgandi.

Sabrina — Yo‘l harakati xavfsizligi faxriy xodimi

Prezident bilan uchrashuvda «katta bo‘lsam, «GAI» xodimi bo‘laman» degan qizaloqni eslaysizmi? Uning ismi Sabrina. Namangan viloyati Chust tumanidan kelgan Sabrina Insofaliyeva 2003-yil tug‘ilgan. Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi mas’ullari yo‘l harakati xavfsizligi xodimi maxsus libosi, IIV YHXBB faxriy a’zolik guvohnomasi hamda esdalik sovg‘alar bilan tashrif buyurishganida Sabrinaning quvonchining cheki yo‘q edi.

Ikki yildan beri o‘ng son orqa yuzasi neyrogen sarkomasi tashxisi bilan davolanib kelayotgan qizaloqqa Prezident bilan yuzma-yuz suhbatda chet eldan o‘ng chanoq-son bo‘g‘imiga protez olib kelishga va’da qilindi.

Sabrina onasi Feruza Muhsinova bilan

 — Prezidentimiz bilan uchrashish yetti uxlab tushimizga kirmagan edi. Alloh mushkulimizni davlatimiz rahbari orqali oson qilishni taqdir qilgan ekan, — deydi Feruza opa Muhsinova. — Bugun qizimning quvonchdan dardlari arigandek bo‘ldi. Shunchalik e’tibor berib, har bir bemorning ehtiyojini o‘rganib, ularni muhayyo qilishga tayyor turgan insonlar sabab og‘ir dard bilan kurashayotgan bolamning ko‘zlari kulganini ko‘rish nasib qilganiga shukr qilyapman. Qizimning shifo topishi uchun mehnati singgan barcha tibbiyot xodimlaridan cheksiz minnatdormiz. Kasb-korlaridan elning rahmatini olib yurishsin, — deydi suhbatdoshimiz.

«O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelgan qizim senmisan?»

— Prezidentimiz kelganlarida men muolaja olayotganim sabab yonlariga chiqa olmagandim. Hech kutilmaganda o‘zlari «Sochida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelgan qizim senmisan?» deb palatamizga kirib kelganlarida o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, — deya gap boshlaydi bolalar bo‘limining 9-palatasida davolanayotgan Nodirabegim Qosimova.

Nodirabegim markaz bo‘lim mudiri Tojiddin Mustafoyev bilan

Nodirabegim asli badiiy gimnastika bilan shug‘ullanar ekan. Ushbu sport turi bo‘yicha Rossiyaning Sochi shahrida o‘tgan xalqaro musobaqada gran-prini qo‘lga kiritib kelgan. Keyinchalik oyog‘ida o‘simta borligi taxmin qilinib, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yotqizilgan. Jamoat ishlarida va sport turnirlarida faol qizaloq og‘ir xastalikka chalinganini eshitgan ota-onaning holatini tasavvur qilish qiyin emas. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining sog‘ligini tiklash uchun davlatimiz tomonidan ajratilgan order tizimi oilaning joniga oro kirdi.

— Bu shifoxonaga kelganimizga ko‘p bo‘lmadi, — deydi Nodirabegimning onasi Komila Ataxanova. — Prezidentimiz bilan uchrashuvga chiqqanimizda ular hammaning hol-ahvoli va ehtiyojini so‘rab qoldilar. Menga navbat yetganida xijolat tortdim. Mening-ku to‘rt mucham sog‘, qizimning ortidan kelgan bo‘lsam. Nodira qizim palatada qolgan edi. Prezidentimiz «unda palatasiga borib ko‘ramiz», dedilar. Esdalik uchun suratlarga tushilganidan so‘ng, meni chaqirganlarida shoshib qoldim. Hammadan ajralib, davlat rahbari bilan qizimning palatasiga yo‘l oldik. Ularni oddiy samimiy inson ekani haqida eshitgan edim. Bir bemor qizning ko‘nglini ko‘tarish uchun qilgan alohida e’tiboriga guvoh bo‘lib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring