Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ozarbayjon rahbari Qorabog‘da O‘zbekiston tomonidan qurilayotgan maktab bilan tanishdi

Ozarbayjon rahbari Qorabog‘da O‘zbekiston tomonidan qurilayotgan maktab bilan tanishdi

5-may kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Qorabog‘ hududida O‘zbekiston tomonidan qurilayotgan maktab binosi bilan tanishdi.

Fuzuliy tumanida o‘zbek xalqidan tuhfa sifatida barpo etilayotgan ta’lim maskani 960 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika kabineti, 5 ta maxsus o‘quv xonalari, kutubxona, majlislar zali, sport zal va o‘yin maydonlarini o‘z ichiga oladi.

Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, qurilish ishlari yuqori sifat va darajada olib borilmoqda.  3 gektar hududni egallagan inshoot joriy yil dekabr oyida bitkazilishi rejalashtirilgan.

Ozarbayjon 2020 yilda 44 kunlik urush yakunida qariyb 30 yil davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan tarixiy yerlari – Qorabog‘ni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda hududda keng ko‘lamli tiklash loyihalari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin qardosh, strategik hamkor Ozarbayjon xalqiga do‘stlik ramzi sifatida Qorabog‘da maktab qurib berilishini ma’lum qilgan edi. U, shuningdek, O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidlagan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston tomonidan Fuzuliy tumanida maktab qurib berish tashabbusini qardoshlik, do‘stlik va birdamlik ramzi deb baholagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring