Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

«O‘zbegim farzandiman, tojigim gufto pisar»

«O‘zbegim farzandiman, tojigim gufto pisar»

Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik abadiy bo‘lsin!

Foto: «xabar.uz»

Bahor mehr bilan boshlandi, muhabbat bilan boshlandi. Qadimdan bir tan, bir jon bo‘lib yashab kelgan ikki millat o‘rtasidagi sun’iy to‘siqlarni olib tashlash bilan boshlandi. Bahor O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining sevinch ko‘z yoshlari bilan boshlandi.

Xush kelibsiz!

Bahorning ilk kuni O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati Urgut tumanining Jartepa qishlog‘i va Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Panjakent tumani Sarazm qishlog‘i o‘rtasidagi o‘tish maskani tantanali ochildi.

Tantanalarda ikki viloyatning rahbarlari, jamoatchilik vakillari, faollar va chegara hududi aholisi, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab «Sarazm»dan «Jartepa» o‘tkazish maskaniga qo‘shni respublika vakillari karnay-surnay sadolari ostida kirib keldi. Mehmonlar poyiga ho‘kiz so‘yildi.

Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev mehmonlarni tashrif bilan qutlab, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash borasida olib borayotgan sa’y-harakatlari yuksak samara berayotganini ta’kidladi. So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda nazorat-o‘tkazish punktining ochilishi ikki xalq manfaatiga mosligi, do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Mehmonlar sharafiga uyushtirilgan konsertda ikki tildagi qo‘shiqlar ijro etildi.

Mehmonlar uchun «Jartepa» maskanida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtotransportlar hamda boshqa mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tashrif buyurganlar pasport va bojxona nazorat punkti uchun yaratilgan shart-sharoit bilan ham tanishdilar.

Xush omaded!

Tadbirning ikkinchi qismida samarqandliklar viloyat hokimi boshchiligida «Sarazm» maskaniga yo‘l olishdi. So‘g‘d viloyati hokimligi va faollar mehmonlarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. Endi o‘zbek mehmonlar poyiga ho‘kiz so‘yildi. Tojik milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Chegara ochilib, bir-biri bilan yillar davomida uchrasha olmay yurgan ko‘plab jigarbandlar ko‘rishdilar. Bir onaxonning Tojikistonga kelin bo‘lib tushgan qizi bilan uchrashuvi atrofdagilarning ko‘zlarini yoshladi.

− Qizimni Panjakentga uzatganman, − dedi o‘sha onaxon, urgutlik Kimyo Jalolova. – Sakkiz yil bo‘libdi uni ko‘rmaganimga. Mana shu chegara posti ochilishini soat sanab kutdim. Xalqni o‘ylagan prezidentlarimizga ming rahmat. Menga o‘xshagan ko‘zlari yo‘lga tikilgan onalarning hammasi duo qilayapti.

Bugun duolar ko‘p bo‘ldi, tilaklar ko‘p bo‘ldi, minnatdorchilik so‘zlari ko‘p aytildi. Biz ham nek duolarga qo‘shildik: xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik abadiy bo‘lsin!

Mehmonlar sharafiga uyushtirilgan konsertda ikki tildagi qo‘shiqlar ijro etildi. Foto: «xabar.uz». 

Tantanalardan qaytib...

Uyga qaytgach, tantanalardan olgan taassurotlarimni qog‘ozga tushirib bo‘ldimu, xayolim olislab ketdi...

Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Azaldan bir tan-bir jon bo‘lib yashagan, qiz olib, qiz bergan tojik va o‘zbek xalqlariga og‘ir bo‘ldi. Ayniqsa, orada hech qanday farq, tafovut bo‘lmagan, osmoni, yeri, suvi bitta bo‘lgan, Tojikistonda ishlab yurgan urgutliklar, samarqandliklarga qiyin bo‘ldi. O‘zbekcha gapirganlar dushman sanaldi. Hammasi qochib O‘zbekistonga, aniqrog‘i, Samarqandga o‘tishdi. Urgutga eng ko‘p qochqinlar keldi. Ular yillab biz bilan birga yashadilar, el bo‘lib ketdilar. Ayrimlari qizlarimizga uylanishdi, ayrimlari qizini biznikilarga uzatishdi.

Bir kechada Tojikistondan kelganlarga O‘zbekiston fuqarosi degan pasport ham berildi nimagadir. Ammo bir kechada hamma pasportlar yig‘ishtirib ham olindi. Shu bilan Samarqand yo Urgutda tug‘ilgan, ammo Tojikistonda yashab yoki ishlab kelgan minglab millatdoshlarimiz «na u yoqlik, na bu yoqlik» bo‘ldi qoldi. Yigirma yillab «Vid na jitelstva» bo‘lib yurishdi.

Eng yomoni, tepadagi muammolar eng quyidagilarga zo‘r keldi. Kuch ishlatar tizimning kuchi bilan oilalar parokanda bo‘ldi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan er O‘zbekistonda qoldi, Tojikistonda bo‘lib kelib, unga tekkan xotin Tojikistonga chiqarib yuborildi. Bizning qishloqdan erga tekkan qiz qishlog‘imizda qolib, unga uylangan, Tojikistondan kelgan kuyov Tojikistonga chiqarib yuborildi. Bir eshon buva Tojikistondan kelgan ayolga uylanib, bir o‘g‘il, bir qizli bo‘lgan edi. Ayolini kuch bilan mamlakatdan chiqarib yubordilar. Ayol sho‘rlik ham eridan, ham farzandlaridan ayrilib, yerni mushtlagancha yig‘lab, chiqib ketgan edi. Bu judolikni ko‘tara olmagan eshon buva hasratdan o‘lib qoldi. Bolalar javrab qoldi. Eshon boboning hech kimi yo‘q, mehribonlik qilay desa. Onasining ortidan Tojikistonga boraylik desalar, yo‘llar yopiq...

Tikanli simning naryog‘ida ko‘rinib turgan ota uyiga o‘tolmay, onasining tobutini bir ushlay olmay, simning berigi tomonida kelinlar zor qaqshab qolaverdi...

25 yil bir yigit umri. 25 yil oldin tug‘ilgan bola er yigit bo‘ldi. Uylandi ham. Ota ham bo‘ldi.

Ammo ana shu er yigitlar, o‘zbek, tojik yigitlar, qirg‘iz yigitlar, qozoq yigitlar, turkman yigitlar bir-birini tanimay, bir-birini bilmay voyaga yetdi. Bilmagani ham mayliga, bir-biriga dushmanday katta bo‘ldi.

Xudoga shukur, prezident Shavkat Mirziyoyev bu to‘siqlarni olib tashladi. Azaldan bir el bo‘lgan qo‘shnilarimiz bilan chegaralar ochildi. Davlatlararo avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Samolyot qatnovlari amalga oshirilmoqda. Qo‘shnilar bilan bordi-keldi qilib, oldi-berdi qilib, tinchlikda, ahillikda, inoqlikda yashaganga nima yetsin!

Inshoolloh, bu ishlarning samarasini hademay ko‘ramiz, xalqlarimiz qadimgiday bir tan, bir jon bo‘lib ketadi, quda-anda bo‘lamiz yana. Birlashsak, boy ham bo‘lamiz. Qudratli ham bo‘lamiz. Axir kuch birlikda. Birlashgan o‘zadi, birlashmagan to‘zadi.

Kunlar isib qoldi...

Xudoga shukur, kunlar isib qoldi. Bahoriy shabadalar ko‘ksimizga tegib qoldi.

Yurtda keyingi bir yil ichida bo‘layotgan ishlar, prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqparvar, dinparvar siyosati tufayli kishilarimiz qalbida ertangi kunga, kelajakka umid, ishonch uyg‘ondi.

Qalblarimizga ham bahor epkinlari yetib qoldi.

Bahor fasli barchamizga muborak bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring