O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya podshohi bilan uchrashdi

Ma’lumki, joriy yilning 25-26-avgust kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lgan edi. Tashrif davomida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik kelishuvlari imzolangan edi.
Ana shu tashrifda belgilangan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Sardor Umrzoqov, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov hamda mamlakatimiz rasmiylaridan iborat delegatsiya Iordaniyada xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.
Delegatsiya a’zolari Iordaniyada bir qator hamkorlik uchrashuvlarini o‘tkazishi rejalashtirilgan. Ana shu muloqotlarning dastlabkisi Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan o‘tkazildi.
Uchrashuvda Sardor Umrzoqov Iordaniya podshohiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat hamkorlik aloqalarida yangi davr boshlanganini e’tirof etdi.
Abdulla II Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikni yuqori baholab, hamkorlikni davom ettirish va mavjud o‘sish imkoniyatlaridan, xususan, savdo, sarmoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida foydalanish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari kun davomida boshqa bir qator uchrashuvlarni ham o‘tkazishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter