Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kun

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kun

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1990-yil 20-iyunda sobiq SSSR tarkibiga kiritilgan respublikalar ichida birinchilardan bo‘lib «Mustaqillik deklaratsiyasi»ni qabul qildi.

Bu hujjatning tarixiy ahamiyati shundan iboratki, u o‘zbek davlatchiligi tarixidagi birinchi tinch yo‘l bilan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi to‘g‘risidagi hujjat edi. Unga ko‘ra, o‘zbek xalqi davlat boshqaruvida har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini va farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb o‘z zimmasiga olgan holda, xalqaro huquq qoidalariga asoslanib, o‘zining «Mustaqillik deklaratsiya»sini e’lon qildi. Va bundan buyon O‘zbekiston o‘zining tashqi munosabatlarida, davlat hokimiyati masalalarini hal etishda tanho hokimligini, uning chegaralari va hududi daxlsiz ekanligi, o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini, davlat ramzlarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etishi va demokratik huquqiy davlat tashkil topganligini butun dunyoga ma’lum qildi.

Davlat va jamiyat hayotidagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish kechiktirib bo‘lmas ahamiyatga ega edi. Chunki o‘sha vaqtlarda SSSRning taqdiri hal bo‘layotgan edi. Markaz rahbarlari xalqni har xil siyosiy yo‘llar va kuch bilan qo‘rqitib, ittifoqni saqlab qolishga harakat qilayotgan edilar. O‘sha davrda ittifoqni tish-tirnog‘i bilan saqlab qolishga intilayotgan qora kuchlar milliy nizolarni avj oldirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solgan.

O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy yangilanish istiqbollari rejalarini belgilab berdi. Batamom mustaqillikni qo‘lga kiritish uchun ma’lum bir vaqt talab qilinar edi. Chunki sobiq ittifoq markazida bunga qarshi juda katta kuchlar tayyor bo‘lib turar edi. Mana shunday og‘ir bir vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov zimmasiga jamiyatning murakkab ichki va tashqi siyosiy sharoitlarida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat huquqi masalalarini hal qilishga da’vat etilgan, uning qayta o‘zgartiruvchisi bo‘lishdek nihoyatda og‘ir vazifani yukladi. Shunday vaziyatda ham Islom Karimov o‘zini buyuk rahbar sifatida ko‘rsatdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring