O‘zbekiston shaharlarida «Business city» markazlari quriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-avgustdagi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shaharlari, viloyatlar va Toshkent shahrida «Business city» formatidagi zamonaviy ishbilarmonlik markazlari barpo etiladi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.
Aniq hududda ularni barpo etish to‘g‘risidagi qarorlarni 2019-yil 1-yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qiladilar.
Loyihani amalga oshirish mexanizmi quyidagicha:
- hudud aniqlangandan keyin haqiqatda yashovchi oilalar ro‘yxatini aniqlagan holda buziladigan uy-joylar, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va inshootlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi (1.01.2019 yildagi holatga ko‘ra);
- hudud uchastkalarga (lotlarga) bo‘linadi va tanlov bo‘yicha investorlar eng yaxshi takliflar asosida tanlab olinadi;
- fuqarolar va tashkilotlarga yetkazilgan zararlarni qoplash, hududni tozalash va yer qazish ishlarini bajarish, maydon ichidagi tarmoqlarni qurish, umumiy foydalaniladigan hududlarni obodonlashtirish, reklama va taqdimot marosimlarini o‘tkazish, shuningdek konsalting va arxitektura kompaniyalari xizmatlari haqini to‘lash xarajatlari investorlarga taqdim etiladigan uchastkalar hajmiga qarab mutanosib ulushda ularning mablag‘lari va boshqa manbalar hisobiga qoplanadi;
- tortib kelinadigan muhandislik tarmoqlari qurilishi – «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ, «O‘zbektelekom» AK va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z mablag‘lari hisobiga qoplanadi;
- investorlar jalb etadigan pudratchilar litsenziya va ruxsatnomalarsiz «fast-track» (bir yo‘la loyihalashtirish, sotib olish va qurilish ishlari) usulida foydalanishga tayyor holda topshirish sharti bilan qurilish ishlariga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida quyidagilardan ozod qilish tarzida imtiyozlar berilgan:
a) 2021-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga:
- investorlarga — mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan;
- bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlariga – norezidentlar bajaradigan ishlar (ko‘rsatadigan xizmatlar) bo‘yicha QQSni to‘lashdan;
- norezident tashkilotlarga — doimiy muassasa orqali yoki O‘zbekistondagi to‘lov manbaidan olgan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lashdan;
- direksiyalar, investorlar, bosh pudrat tashkilotiga — O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan qurilish texnikasi, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);
b) direksiyalarga – «Business city» markazlari faoliyat yuritadigan butun davrda barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan.
Jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarning esa barcha hujjatlari: kirish vizalaridan tortib O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi tasdiqnomalarigacha bepul rasmiylashtirilishi ta’minlanadi.
Yuqorida bayon etilgan barcha imtiyozlar «Tashkent city» xalqaro ishbilarmonlik markaziga ham tatbiq etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter