O‘zbekiston va YeI savdo hajmi 9 oy ichida 14,8 foizga o‘sdi

Vladimir Norov va Teri Hakala.
2022-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 3,13 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shu tariqa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foiz o‘sish kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakala o‘rtasida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda investitsiya, savdo, fan-ta’lim, ekologiya, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 6-iyulda Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KShHTB) parafirlash (dastlabki imzolash) marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi hujjat 1996-yilda imzolangan amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bitimning tez fursatda imzolanishi zarurligi borasida yakdillik bildirgan.
Yana sanoqli kunlardan keyin, 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning vazirlar darajasidagi uchrashuvi hamda Markaziy Osiyo bilan o‘zaro aloqadorlik bo‘yicha YeIning birinchi mintaqaviy anjumani o‘tkaziladi. Samarqand anjumanida raqamli robitalarni takomillashtirish, transport tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi va energetikani rivojlantirish kabi muhim masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.
Muloqot davomida V.Norov hamda T.Hakala ushbu yirik anjumanning tashkiliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashdi.
Eslatib o‘tamiz, finlyandiyalik diplomat Teri Hakala o‘tgan yil yozda YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan. U YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili rahbarligida faoliyat yuritadi va uning umumiy tashqi hamda xavfsizlik siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ishlariga ko‘maklashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter