O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sog‘liqni saqlashga doir muhim hujjat imzolandi

20 yanvar kuni Toshkent shahrida umumiy qiymati 22,953 mlrd iyena bo‘lgan «Sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash loyihasi» doirasida Yaponiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kredit ajratilishiga doir almashinuv notalari imzolandi.
Hujjatga O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori imzo chekdi.
«O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi bilan birgalikda turmush tarzining o‘zgarishi tufayli insult kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan vafot etayotganlar soni oshib bormoqda. Toshkent shahrida nevrologik kasalliklarga chalingan bemorlarga xizmat qiladigan shifoxonalar soni yetarli emasligi, viloyatlardagi uchinchi darajali shifoxonalarda nevrologik kasalliklar uchun tibbiy jihozlar yo‘qligi yoki yetarli bo‘lmagani sababli tegishli tibbiy xizmatdan o‘z vaqtida foydalana olmaslik muammosi yuzaga kelmoqda», – deyiladi Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabarida.
Qulay shartlarda (past foiz stavkalari va uzoq to‘lov muddati) ajratiladigan kredit loyihasi doirasida Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish hamda uni jihozlash, shuningdek, Samarqand va Buxorodagi uchinchi darajali tibbiyot muassasalarini tibbiy jihozlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha ilg‘or tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, markazning kadrlar tayyorlash bo‘yicha bazaviy o‘quv markazi sifatidagi funksiyalarini kuchaytirish orqali O‘zbekiston aholisi salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shish maqsad qilingan.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ham Yaponiya hukumati bilan sog‘liqni saqlashga doir loyiha bo‘yicha 150 million dollarlik kredit shartnomasi imzolanganini tasdiqlagan.
Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, shu kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida chorvachilik, energetika, ta’lim va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik protokoli ham imzolandi.
Uchrashuvda JICAning O‘zbekiston–Yaponiya strategik sherikligini jadal rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi va agentlikning O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadlariga sodiqligi yuqori baholangan.
Ma’lumot o‘rnida, JICA ko‘magida O‘zbekistonda energetika, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va sog‘liqni saqlash kabi muhim iqtisodiyot tarmoqlarida umumiy qiymati 3,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter