Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda kitob bayrami o‘tkazilmoqda

O‘zbekistonda kitob bayrami o‘tkazilmoqda

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 24-25-may kunlari «Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyukf maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir» shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida respublika kitob bayrami o‘tkazilmoqda.

Prezidentining «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu bayram kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rnini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmog‘ini oshirishda adib va noshirlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, intellektual rivojlangan, jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada yuksaltirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan.

Respublika kitob bayrami Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Milliy teleradiokompaniya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Ikki kun davomida bo‘lib o‘tadigan tadbir doirasida poytaxtimizdagi «Sayilgoh» ko‘chasida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida 100 dan ziyod nashriyot va ijodiy uylar, matbaa korxonalari hamda kitob savdosi tashkilotlari tomonidan kitob va kitob mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

Shuningdek, «Namunali kitob do‘koni» tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Ko‘rgazmalarda bevosita ishtirok etish, kitob mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati yaratiladi, ko‘rgazma qatnashchilari uchun Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Mahmud Toir, Iqbol Mirzo, Sirojiddin Sayyid kabi taniqli shoir va yozuvchilar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida mushoiralar, adabiy uchrashuvlar uyushtiriladi. Taniqli san’atkorlar va yosh iste’dod sohiblari, shuningdek, Respublika yosh tomoshabinlar teatri va Respublika qo‘g‘irchoq teatrining hamda turli bolalar san’at guruhlarining «Kitobsevarlarni qutlaymiz!» nomli chiqishlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, «Eng yaxshi kitobxon oila», «Eng yaxshi kitobxon», «Yosh kitobxon» kabi sovrinli viktorinalar va «Kitob o‘qishni yoqtirasizmi?» mavzuida ijtimoiy so‘rovlar, «Mashhurlar kitob o‘qiydi» shiori ostida o‘zbek estrada namoyandalari, teatr va kino aktyorlari, sport ustalarining Kitob bayramiga tashrifi hamda ularning ishtirokchilar bilan muloqotlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring