Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida Prezident qaror qabul qildi

Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida Prezident qaror qabul qildi

Foto: Sputnik Qirg‘iziston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF–5853-son Farmoni ijrosini ta’minlash, jumladan, qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish, ishlab chiqarish iqtisodiy samaradorligini va mahsulot ishlab chiqaruvchilar manfaatdorligini oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoat» AJ, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2020 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Paxtachilikda bozor tamoyillari joriy etilishi munosabati bilan paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va qayta ishlovchi korxonalarning o‘zaro munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

a) 2020 yil hosilidan boshlab:

paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;

paxta xomashyosini yetishtiruvchilar (fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar)ga rayonlashtirilgan g‘o‘za navlarini erkin joylashtirish huquqi beriladi;

paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi (shu jumladan, urug‘lik paxta uchun amaldagi ustama to‘lash tartibi) saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi;

b) paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari negizida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tashkil etiladi.

Quyidagilar kooperatsiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

kooperatsiya a’zolari bilan shartnomalar tuzish orqali paxta xomashyosi yetishtirish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

kooperatsiya a’zolari tomonidan paxta xomashyosi yetishtirish uchun zarur bo‘lgan mulk komplekslari, texnika, uskuna, transport vositalaridan, paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish;

kooperatsiya va ularning a’zolari o‘rtasida imzolanadigan shartnoma asosida kooperatsiya a’zolarini qishloq xo‘jaligi texnikasi, yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘it, urug‘lik, shuningdek, kimyoviy va biologik himoya vositalari bilan ta’minlash;

paxta xomashyosini tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va tegirmon usulida qayta ishlashni shartnomalarga asosan amalga oshirish va vositachilik shartnomalari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishni tashkillashtirish;

kooperatsiya a’zolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish;

kooperatsiya bilan hamkorlik qilish uchun eksport qiluvchilarni jalb etish, ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlari o‘tkazish;

kooperatsiya a’zolari tomonidan ishlab chiqariladigan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlarni birjada yoki birjada shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasterlariga belgilangan imtiyozlar paxta xomashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi;

v) respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlang‘ich narx shakllanishida amalda qo‘llanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilinadi;

g) qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni o‘z vaqtida mahalliy sharoitga mos sifatli urug‘lik bilan ta’minlash, tegishli tartibda ishlov berilmagan urug‘lik orqali kasalliklar tarqalishining oldini olish, paxta xomashyosi hosildorligini izchil oshirib borish maqsadida 2020 yil hosili uchun urug‘lik chigit «O‘zpaxtasanoat» AJ tizimidagi urug‘chilik sexlari va paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan yetkazib beriladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar e’lon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritilishini ta’minlasin.

4. 2020 yil 15 martdan boshlab:

a) fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta xomashyosi umumiy qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 foiz, 60 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik xo‘jaliklari agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, kredit mablag‘laridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;

paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklarining paxta xomashyosi yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarini bo‘naklash pul mablag‘lari shaklida amalga oshiriladi;

paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

b) fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yetishtirgan paxta xomashyosini xarid qilish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalarga tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya beriladi;

paxta xomashyosini xarid qilish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgargan hollarda Jamg‘armadan ajratilayotgan kreditlar foiz stavkalariga, bank marjasiga hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan beriladigan kompensatsiya miqdoriga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi;

v) paxta xomashyosini o‘zi yetishtiradigan va qayta ishlaydigan paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlar 12 oydan so‘ng har oyda teng miqdorlarda qaytarish sharti bilan 12 oy muddatgacha bo‘lgan tijorat kreditlariga qayta rasmiylashtiriladi;

g) 2021 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosi yetishtirish uchun kredit olish fermer xo‘jaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi (yer maydoni to‘liq paxta-to‘qimachilik klasteriga berilgan hududlar bundan mustasno).

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

paxta xomashyosi va donni xarid qilish uchun jalb etiladigan tijorat kreditlari foizining bir qismini qoplab berish uchun respublika budjetidan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga, ehtiyojga qarab, 700 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratsin;

paxta xomashyosi va g‘allani sotib olishni kredit resurslari bilan ta’minlashda tijorat banklarida mablag‘larga ehtiyoj tug‘ilganda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari, budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren va korporativ xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tijorat banklarini zarur mablag‘lar bilan ta’minlasin;

ikki oy muddatda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini sug‘urtalash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

paxtachilik sohasida klaster tizimini samarali tashkil etish maqsadida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni;

paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan respublika hududlarida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy ravishda birlashishi asosida paxta tozalash korxonalari negizida paxta xomashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar tashkil etishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasining «O‘zpaxtasanoat» AJni tugatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

«O‘zpaxtasanoat» AJni tugatish komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda "O‘zpaxtasanoat" AJni tugatish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zgidromet» markazi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy servis xizmatlarini tashkil etish maqsadida daryolar va respublika hududlarida kutilayotgan va mavjud suv resursi, meteorologik, gidrologik va agrometeorologik ma’lumotlarni «on-line» rejimida olish imkonini beruvchi maxsus elektron sahifa tashkil etsin hamda doimiy faoliyatini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi hududiga paxta tolasini import qilish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilmaganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrdagi «2020 yilda g‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida»gi 985-son qarorining 1-bandi to‘rtinchi xatboshisi, shuningdek, qarorga 3-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

11. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring