Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident rahbarlarni jiddiy ogohlantirdi

Prezident rahbarlarni jiddiy ogohlantirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishni ta’minlamagani, bu kasallik bilan «pastga tushib» mukammal shug‘ullanmagani uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

Respublika maxsus komissiyasiga bu ikki hududda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash ishlariga aloqador barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilish ko‘rsatmasi berildi. Ushbu shtablar vaziyatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish choralarini ko‘radi.

Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar ko‘paytirish vazifasi yuklatildi.

Zangiota tumanida yaqinda ish boshlagan shifoxonadagi joy sonini yana 1000 o‘ringa ko‘paytirish topshirig‘i berildi.

Poytaxtimizda dori-darmon yetkazilishi va narxi barqarorligini ta’minlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-sentrlar ishini samarali tashkil etish, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, kasallar uchun qo‘shimcha o‘rinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi, zarur choralar belgilandi.

Aholidan murojaatlar soni keskin ortib borayotganini hisobga olib, koll-sentrlar aloqa vositalari va operatorlari sonini kamida ikki barobarga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgi sinovli vaziyatda kundalik ehtiyoj mollari va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishi, narxlari asossiz oshib ketmasligi juda muhim. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bu masalani qat’iy nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Pandemiyaga qarshi kurashish, karantin qoidalariga amal qilish, ijtimoiy masofani saqlashning ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada qilinayotgan kundalik ishlarni xolis va tezkor yoritish muhimligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Koronavirus kasalligini davolash bilan bog‘liq barcha jarayonlarga, jumladan, Toshkent shahridagi ishlarga mas’ullar biriktirildi. 

– Yana bir bor ta’kidlayman. Ayni paytda butun dunyo, shu jumladan, biz ham ko‘rinmas dushman bilan chin ma’noda urush olib boryapmiz. Bu virusning barcha xavf va xatarini to‘g‘ri baholab, har tomonlama tayyorgarlik ko‘rib kurashsak, uni albatta yengamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ular koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor turishni ta’minlamagani, bu kasallik bilan pastga tushib mukammal shug‘ullanmagani uchun ogohlantirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring