Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prokuratura. Valiyev qilgan ishni Masharipov takrorladi. Navbat kimniki?

Prokuratura. Valiyev qilgan ishni Masharipov takrorladi. Navbat kimniki?

Bahriddin Valiyev Toshkent shahar prokurorligiga ikkinchi marta tayinlanishi (2019 yil, iyul) ortidan birinchi qilgan ishi — prokuratura binosini o‘rab turgan temir panjaralarni oldirib tashlash bo‘lgandi. Generalning (prokuratura tilida «3-darajali Davlat adliya maslahatchisi») kutilmagan «yurishi» jamoatchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgani rost: «xalq prokuraturasi»ga aylanishi talab qilinayotgan tizim xalqqa ochiq bo‘lishi kerak-da. Shuncha yil panjara bilan o‘ralib, kamiga eshikni ichkaridan zichlab yopgancha ishlangani yetar?!

Shundan keyin ko‘pchilik prokuraturaning barcha bo‘g‘inida «panjaradan voz kechish» boshlanib ketsa kerak, degan xayolga borgandi. Amalda unday bo‘lmadi: panjaradan qutilish paranjidan qutilishdek osonga o‘xshamaydi.

Kuni kecha Valiyev qilgan ishni Sirdaryo viloyati prokurori Ravshan Masharipov ham takrorladi: viloyat prokuraturasi binosini gird o‘ragan panjaralarni oldirib tashladi. Bino qiyofasi «ochildi-qoldi». (Temir panjaralar davlat idoralariga zeb bermasligini shundanam bilavering!) Bundan tashqari binoning qabul bo‘limi yaqinida milliy uslubda ayvon qurdirib, murojaatchilar uchun yaxshigina sharoit yaratibdi.

Gap yo‘q.

Demak, poytaxtda boshlangan xayrli ish Sirdaryoda ham ko‘rinish berdi. Ajabmaski, shu bahona tizimda «panjaradan voz kechish» yaxshi an’anaga aylanib, Bosh prokuratura binosigacha yetib kelsa...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring