Putin o‘g‘lini urushga yuborgani rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarning xitoy tilidagi segmentida Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘g‘lini frontga – Ukrainaga qarshi urushga yuborgani haqida xabar tarqaldi.
Xususan, X tarmog‘ida tarqalgan videolavhada Putin xuddi Xitoy Xalq Respublikasi asoschisi Mao Szedun kabi o‘g‘lini o‘z mamlakatini himoya qilishga yuborayotgani iddao qilingan.
TikTok, Facebook kabi platformalarda ham xitoy tilida shu mazmundagi xabarlarni o‘qish mumkin.
Euronews bu xabar soxta ekaniga e’tibor qaratgan.
Nashrning yozishicha, XXR rahbari Mao Szedunning o‘g‘li Mao Anin Koreya yarim orolidagi urushda qatnashgani va 1950 yilda aviahujumda halok bo‘lgani tarixiy haqiqat. Ammo Putinning o‘g‘lini frontga yo‘llagani qip-qizil dezinformatsiyadir.
Internetda tarqalgan videolarga Putin harbiy libosdagi zobitni (go‘yo o‘g‘lini) taqdirlayotgani aks etgan surat ham ilova qilingan. Aniqlanishicha, suratdagi yigit katta leytenant Stepan Belov bo‘lib, 2022 yil dekabrda Rossiya rahbari tomonidan qahramon unvoni bilan siylangan.
1996 yili Boshqirdiston Respublikasi Oktyabr shahrida tug‘ilgan S.Belov Putinning o‘g‘li ekanini tasdiqlovchi hech qanday ma’lumot yo‘q.
Maxfiy xizmatdan chiqqan Rossiya rahbari o‘z oilasi haqidagi ma’lumotlarni sir pardasi ortida tutishi ma’lum. Ammo u sobiq rafiqasi Lyudmila Putinadan ikki qizi borligini e’tirof etgan. Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik urushidan keyin Putinning ikki qizi – Mariya Voronsova (1985 yilda tug‘ilgan) va Katerina Tixonovaga (1986) AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiya joriy etilgan.
Bir muddat oldin Katerina Tixonovaning Bavariya davlat baleti badiiy rahbari Igor Zelenskiy bilan turmush qurgani ham xorijiy nashrlarda anchagina muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Ayrim nashrlar Putinning sobiq gimnastikachi Alina Kabayevadan Ivan (2015) va Vladimir (2019) ismli voyaga yetmagan o‘g‘illari borligi haqidagi taxminlarni ham yozgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter