Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Putin oshpazi»ning Ukrainadagi yashirin faoliyati ochiqlandi

«Putin oshpazi»ning Ukrainadagi yashirin faoliyati ochiqlandi

Prigojin dastlab yuqori martabali arboblar, jumladan, Putinga taom yetkazish bilan shug‘ullangan.

Foto: Reuters

Rossiyalik tadbirkor, «Vagner» xususiy harbiy shirkati asoschisi Yevgeniy Prigojinning Kremlda ta’siri tobora oshib bormoqda. Bu haqda Oq uy huzuridagi milliy xavfsizlik kengashi voizi Jon Kirbi gapirgan. AQSh mulozimi Prigojinning Ukrainadagi yashirin ishlarini ham ochiqlagan.

Qo‘shma Shtatlar hisob-kitobiga ko‘ra, Ukrainada «Vagner» harbiy shirkatining 50 mingga yaqin askari jang qilmoqda. Ularning 10 ming nafari shartnoma asosida faoliyat yuritayotganlar, 40 ming nafari esa ozodlik va’dasi bilan qamoqxonalardan keltirilgan mahkumlardir. Yevgeniy Prigojin Ukrainadagi harbiy harakatlar uchun oyiga 100 million dollar sarflamoqda. 

Jon Kirbiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Baxmut shahri yaqinidagi janglarda Prigojin shirkatining 1000 ga yaqin yollanma jangchisi halok bo‘lgan. Ularning 90 foizi mahkumlar ekanini aytgan AQSh rasmiysi «Vagner» shirkati «rossiyaliklar tanasini Baxmut go‘sht qiymalagichiga tashlash»da davom etayotganini ta’kidlagan.

Vashington xulosasiga qaraganda, tadbirkor Prigojin Ukrainada yollanma askarlar sonini ko‘paytirish orqali Vladimir Putin bilan yanada yaqin munosabatda bo‘lish va Kremlda o‘z ta’sirini oshirishga urinmoqda.  Jon Kirbi ayrim hollarda «Vagner» rahbariyati Rossiya harbiy amaldorlari ustidan ham hukmfarmolik qilayotganini aytgan.

Ikki kun avval Reuters agentligi Ukraina urushida qurol-aslaha va o‘q-dori taqchilligiga uchragan Rossiya nafaqat Eron, balki Shimoliy Koreyadan ham qurol sotib olayotgani haqida yozdi. Ushbu oldi-berdi ham «Vagner» shirkati orqali amalga oshirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, AQSh Davlat departamenti joriy yil iyul oyida Yevgeniy Prigojin va uning qo‘l ostidagi xodimlar haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilgan edi. Rasmiy Vashington ularni AQShdagi siyosiy jarayonlarga aralashuv orqali mamlakatga zarar yetkazishda ayblagan.

Sankt-Peterburgda tug‘ilgan Yevgeniy Prigojin Rossiyadagi yuqori martabali mulozimlarga taom yetkazish xizmati bilan tanilgan. OAV uni «Putinning oshpazi» deb ataydi. V.Putin 2018 yili AQShning NBC telekanaliga bergan intervyusida Prigojin bilan shaxsan tanish ekanini tasdiqlagan, ammo uning davlat tuzilmalari bilan aloqalarini rad etgan.

Prigojinga qarshi AQSh (2016), Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya (2020), Kanada, Yaponiya (2022) sanksiya joriy qilgan. Tadbirkor AQSh va YeIda mol-mulk va mablag‘ saqlash huquqidan mahrum etilgan. Ye.Prigojinning sud orqali YeI sanksiyalarini bekor qilishga urinishlari samarasiz yakunlangan.

Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda peturburglik tadbirkorga aloqador shirkatlar Afrika qit’asidagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda, siyosiy arboblar bilan til topishib, tabiiy boyliklarni qazib olish huquqini qo‘lga kiritmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring