Qirg‘izistonning sobiq prezidenti 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyev «Qumtor» oltin konidagi korrupsiya ishi bo‘yicha sirtdan o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda respublika Oliy sudi matbuot xizmatiga tayanib, TASS xabar bermoqda.
Tegishli qaror Qirg‘izistonning Pervomay tumani sudi tomonidan qabul qilingan.
«Sud qarori bilan Qurmanbek Bakiyev jinoyat sodir etishda aybdor deb topilib, uning mol-mulki musodara qilinib, 3 yilga davlat lavozimini egallash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi», — deyiladi xabarda.
«Qumtor» konidagi korrupsiya ishi bo‘yicha ayblanuvchilar orasida mamlakat sobiq prezidentining kenja o‘g‘li Maksim Bakiyev ham bor. Sud uning mol-mulkini musodara qilgan holda unga 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Ma’lumot uchun, Qurmanbek Bakiyev mamlakatni 2005 yildan 2010 yilgacha boshqargan. Bakiyev 2010 yilda davlat to‘ntarishi natijasida ag‘darilgan. Siyosatchi Qirg‘izistonni tark etgan va hozir Belarusda. Bishkek Minskdan Bakiyevni ekstraditsiya qilishni bir necha bor talab qilgan, biroq har safar so‘rov rad etilgan.
Shunday qilib, hukmlarga qisman qo‘shilgan holda, Bakiyevning umumiy jazo muddati 30 yilni qattiq rejimdagi koloniyada o‘tashni tashkil qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter