Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qorabog‘da ikki frontda jang qilishimizga to‘g‘ri keldi...» — Ozarbayjonlik deputat «Xabar.uz»ga intervyu berdi

«Qorabog‘da ikki frontda jang qilishimizga to‘g‘ri keldi...» — Ozarbayjonlik deputat «Xabar.uz»ga intervyu berdi

Qorabog‘dagi g‘alaba munosabati bilan 2020 yil 10 dekabr kuni poytaxt Bokuda harbiy parad o‘tkazilgan.

Foto: “Trend.az”

Bundan bir yil avval zamonaviy Ozarbayjon tarixida muhim hodisa ro‘y berdi. Mamlakat armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar Armaniston Qurolli kuchlariga qarshi kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi. Shu tariqa mamlakat hududiy yaxlitligi tiklandi.

Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevning farmoni bilan Qorabog‘ning bosh kenti Shusha shahri ozod qilingan 8 noyabr Zafar kuni o‘laroq belgilandi. Mazkur sana arafasida Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, siyosiy fanlar doktori, professor Hikmat Boboo‘g‘li Mamedov bilan Qorabog‘ urushi yakunlari xususida suhbatlashdik.

Hikmat Boboo‘g‘li Ozarbayjon parlamenti Mudofaa, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hisoblanadi.

– Hurmatli Hikmat muallim, yaqinlashib kelayotgan Zafar kuni bilan qutlaymiz. Qorabog‘ nafaqat Ozarboyjon, balki barcha turkiy millatlar qalbidagi qora dog‘ bo‘lib kelgan edi. Xayriyatki, hasratli kunlar ortda qoldi, qora dog‘lar yuvildi. Qorabog‘dagi g‘alaba Ozarbayjon xalqi va shaxsan siz uchun qanchalik qadrli?

–  So‘z avvalida tarixiy g‘alaba xususidagi fikr-mulohazalarimni qardosh o‘zbek xalqiga yetkazish imkonini bergani uchun «Xabar.uz» tahririyatiga minnatdorlik bildiraman. Qorabog‘ – Ozarbayjon xalqining azaliy va qadimiy zaminidir. Bu zamin ulug‘ daholarni tarbiyalagan. Sharqda ilk opera muallifi sanalgan Uzayr Hojibeyli,  otashnafas xonanda Bulbul, buyuk shoirlarimiz Xurshidbonu Notavon, Qosimbey Zokir va yana boshqa yuzlab qalam ahli Qorabog‘da tavallud topgan. Eng asosiysi Qorabog‘ bu vatandir. Vatanning har bir qarich tuprog‘i esa sajdagoh kabi muqaddas sanaladi. Binobarin, bu tuproqlarning ishg‘ol ostida bo‘lgani biz uchun buyuk fojia, umummilliy dard va qayg‘u edi. Allohga shukrki, qahramon Ozarboyjon qo‘shini muzaffar Oliy bosh qo‘mondon rahbarligida azaliy tuproqlarimizni ozod qildi va milliy dardimizni milliy shodlik va g‘ururga aylantirdi. 27 yil davomida okkupantlar hukmi ostida bo‘lgan yerlarning ozod etilishi – nodir hodisadir.

Shaxsan men uchun ham Qorabog‘ milliy g‘urur va sha’n masalasi edi. Insonning eng hassos va kuchli ikki tuyg‘usi bor. Ularning biri milliy, ikkinchisi esa diniy tuyg‘udir. Mazkur tuyg‘ularning tahqirlanishi insonning qalbiga xanjar kabi botadi. Biz ham qariyb 30 yil ana shunday iztiroblar ichida yashadik. Endi esa «arman fashizmi»  deb atalgan hodisadan ustun kelib g‘alaba erishdik.  Dunyoda bundan ortiq surur bormikan?!

Mavzudan andak chetga chiqib bo‘lsa-da, bir tarixiy ma’lumotni yodga olmoqchiman. Barakotli Qorabog‘ tuproqlari buyuk hukmdorimiz Amir Temurning e’tiboridan ham chetda qolmagan. Sarkarda Onado‘li yurishi payti Qorabog‘ adirlarida qishlagan. Amir Temurning ittifoqchisi va do‘sti Shirshonshoh I Ibrohim esa qo‘shin ta’minotiga ko‘mak bergan. Toshkentdan Xo‘jand sari yurilganda, yo‘lda Qorabog‘ nomli tuman va qasabaga duch kelasiz. Bu ham tasodif emas, albatta.

– Bugun sayyoramiz kiprikdagi yoshdek qalqib turibdi. Tabiiyki, bir mintaqada ro‘y bergan jangu jadal boshqa hududlarda ham ta’sir etmay qolmaydi. Qorabog‘dagi g‘alaba Kavkaz mintaqasi va butun dunyoda qanday geosiyosiy o‘zgarishlarga olib keldi?

– Qorabog‘ zafari Janubiy Kavkazda so‘nggi yuz yil davomida shakllangan kuchlar muvozanatini o‘zgartirib, yangi geostrategik reallikni yuzaga keltirdi. Yuz yil davomida Kavkazdan ihotalangan Turkiya yana mintaqaga doxil etildi. Shu tariqa mintaqa entostrategiyasida adolat va muvozanat o‘rnatildi. So‘nggi hodisalar butun turkiy dunyo uchun yangi istiqbol darvozalarini ochdi.

Endi-endi ildiz otayotgan global munosabatlar zamirida yangi dunyo tartiboti shakllanmoqda. Bu ko‘p qutbli xususiyatga ega tartibotdir. O‘z davrida dunyo siyosatida hukmfarmo bo‘lgan imperialistlar Usmonli davlatining qulashi bilan jahon siyosatida turk faktoriga o‘rin qolmadi deb hisoblagan edi. Qorabog‘ g‘alabasidan keyin dunyo ahli jahon siyosatidan turk omilini ildizi bilan yulib tashlash mumkin emasligini anglab yetdi. Zotan, turkiy xalqlar O‘rta Osiyodan Old Osiyoga qadar yoyilgan ulkan mintaqalarning chinakam sohiblaridir. Ularning xohish-irodasini inobatga olmasdan dunyo tartib-tutumlarini belgilab bo‘lmaydi.

Boz ustiga, Qorabog‘ning ozod etilishi Xitoydan to Italiyaga qadar yetib borgan Buyuk Ipak yo‘lining o‘rta bo‘g‘ini qayta tiklanishiga debocha  bo‘ldi. Bu esa jahon iqtisodiyotidagi muhim hodisalar sirasiga kiradi. Hozirda global tijoriy munosabatlarida Xitoy – Yevropa robitasi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bu ikki mintaqani bog‘lovchi transport yo‘li Zangezur koridori orqali o‘tadi. Yo‘l qurilishi, iqtisodiyotning o‘sishi esa hamisha tinchlik va farovonlikka xizmat qilgan.

– Qorabog‘dagi shahar-qishloqlar infrastrukturasi okkupatsiya davrida achinarli ahvolga kelib qolgan edi. Bu masala BMT minbarida ham yangragan. Vayron bo‘lgan maktab-bog‘cha, tarixiy-madaniy obidalarni tiklash, infrastrukturani yaxshilash uchun, sizningcha, qancha muddat va mablag‘ kerak bo‘ladi?

– Darhaqiqat, Ozarbayjon xalqi asrlar davomida bunyod etgan milliy va diniy obidalar johillar tomonidan yovvoyilarcha buzib tashlangan, uylarimiz, yerlarimiz kunfayakun qilingan. Ayni paytda ozod etilgan yerlarimizda tezkor sur’atda yangi infrastruktura va kommunikatsiya tizimlari barpo etilmoqda. Aytish mumkin, energetika tizimini yangilash jarayoni yakunlandi. Bir yil ichida 500 km dan ziyod yo‘l barpo qilindi, xalqaro aeroport qurib foydalanishga topshirildi. Hozirga qadar jami 11 mingdan ziyod kichik va katta ob’yektlar bunyod etildi. Haydar Aliyev fondi tomonidan esa masjid hamda diniy obidalar qayta tiklanmoqda.

Prezident Ilhom Aliyev ozod etilgan hududda davlat bayrog‘iga hurmat bajo keltirmoqda. Foto: Ozarbayjon davlat axborot agentligi

Dastlabki davrda Qorabog‘dagi tiklash ishlari uchun 50 milliard manat mablag‘ zarur bo‘ladi. Tiklash jarayonining birinchi bosqichi muzaffar Oliy bosh qo‘mondonimiz, milliy yetakchimiz Ilhom Aliyev boshchiligida besh yil muddatda yakunlanishi rejalashtirilgan. Shu asnoda boshpanasidan majburan ko‘chirilgan aholi ham o‘z uyiga qaytariladi.

– «Urush boshlanganda eng avval haqiqat qurbon bo‘ladi» , degan gap bor. Bugun muhoraba maydonidan ko‘ra axborot maydonlarida kurash keskinroq, shiddatliroq kechayotganini kuzatish mumkin. Qorabog‘ urushi davrida dunyoning yirik davlatlari va yetakchi ommaviy axborot vositalarining Ozarboyjonga nisbatan tutgan pozitsiyasini qanday baholaysiz?

– Qorabog‘ muhorabasi davomida bizni parallel ravishda axborot urushiga ham tortishdi. Jahon axboriy makonida yetakchi o‘rin tutgan xalqaro OAVning katta qismi rasman urush ishtirokchisiga aylandi. Ne tongki, ular bizning, ya’ni xalqaro huquq, haqiqat, adolat tarafida emas, balki okkupantlar tomonida turishdi. Sirasini aytganda, siyosatda bo‘lgani kabi axborot sohasida ham ikkiyoqlama standart bo‘y ko‘rsatdi. Shu tariqa Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev kamida ikki frontda – real urush maydoni va OAV orqali olib borilgan axboriy urush makonida jang qilishiga to‘g‘ri keldi. Twitter, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlar ham ochiqdan-ochiq raqib yonini olib, Ozarbayjon prezidentining yordamchisi hamda tashqi ishlar vazirimizning sahifalarini bloklab qo‘ydi. Ya’ni g‘alabaga mashaqqatu zahmat va mislsiz qahramonlik evaziga erishildi. Turli jabhalarda kechgan beayov urushda g‘alabani nasib etgan Alloh shukrlar aytamiz!

«Qorabog‘ g‘alabasi turkiy dunyo uchun yangi istiqbol darvozalarini ochdi» . Foto: «Mod.gov.az»

– Umid qilamizki, qardosh millatning yana qo‘liga qurol olishiga hojat bo‘lmaydi. Endilikda Armaniston bilan tinchlik bitimi imzolash va delimitatsiya jarayoniga kirishish lozim. Suhbatimiz yakunida bu boradagi diplomatik urinishlar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz. 

– Janglar yakunlanganidan bir yil o‘tdi. O‘tgan bir yil ichidagi asosiy vazifamiz g‘alabamizni butun dunyo tan olishiga erishmoq bo‘ldi. Yangi voqelikning dunyo va mintaqa o‘lkalar tomonidan e’tirof etilishi zafarimizni yanada mustahkamladi. Tazyiq-bosimlar, provokatsiyalarga duch kelganimiz ham rost. Ammo prezident Ilhom Aliyevning temir mushti, jasorat va qat’iyati bilan siyosiy-diplomatik ixtiloflarda ham g‘olib chiqdik. Endilikda kun tartibidagi asosiy masala – Armaniston bilan sarhadlar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi jarayonini boshlash, ikki tomonlama hududiy yaxlitlik tamoyillari tan olinishiga erishishdan iboratdir. Ertami-kechmi, bu, albatta, amalga oshadi. Chunki raqib tomonning ortiq o‘yin qilish imkoni yo‘q. Bu borada aniq muddat aytish mushkul. Negaki, qarshi tomon o‘z nuqtai nazarini tez-tez o‘zgartiradi, aniq qarorlardan qochadi. Ammo har qanday holatda ham endi ortga yo‘l qolmadi. Yaqin kelajakda bu borada aniq natijalar bo‘lishiga ishonchim komil.

Sobir Salim suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring