Qozoningizda “saraton” qaynamayaptimi?
Bugun bozor rastalariga qarasangiz, tashqi ko‘rinishi yaltiroq, narxi esa juda arzon bo‘lgan alyuminiy qozonlar eng ko‘p sotilayotgan mahsulotlar qatorida.
So‘nggi yillarda xalqaro ilmiy doiralarda alyuminiy idishlarning xavfsizligi bo‘yicha turli tadqiqot va muhokamalar davom etmoqda. Ayniqsa himoya qatlamiga ega bo‘lmagan, arzon ishlab chiqarilgan mahsulotlar borasida ehtiyotkorlikka chorlovlar ko‘paymoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, deyarli hammaning uyida topiladigan anodlangan alyuminiy qozonlar maxsus oksid qatlami bilan qoplangan bo‘lib, u metallning ovqat bilan bevosita reaksiyaga kirishishini kamaytiradi. Bunday idishlar odatda yaltiroq emas, balki xira, matoviy ko‘rinishda bo‘ladi.
Bozordagi ko‘plab arzon qozonlar esa aynan shu himoya qatlamiga ega emas. Bu holat ayniqsa yuqori haroratda va kislotali mahsulotlar bilan ishlatilganda metallning oz miqdorda ajralishi ehtimolini oshiradi.
Pomidor, limon, sirka kabi kislotali mahsulotlar alyuminiy bilan reaksiyaga kirishishi mumkinligi ilmiy adabiyotlarda qayd etiladi.
Xalqaro tadqiqotlarda alyuminiyning ortiqcha miqdori inson organizmida turli biologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilgan.
Ayrim ilmiy tadqiqotlar alyuminiyning asab tizimi to‘qimalarida to‘planishi kognitiv funksiyalarga ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar uzoq muddat shunday qozonlardan foydalanish xotira pasayishi va diqqat susayishi kabi oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ham ta’kidlashadi.
Sifatsiz alyuminiy idishlarda doimiy ovqat tayyorlash oshqozon shilliq qavatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ayrim gastroenterologik fikrlar mavjud.
Biroq “alyuminiy bevosita oshqozon saratonini keltirib chiqaradi” degan xulosa hozircha ilmiy jihatdan to‘liq tasdiqlanmagan. Shu bois bu masalada aniq emas, balki ehtiyotkor yondashuv muhim.
Alyuminiy organizmdan asosan buyraklar orqali chiqariladi. Agar buyrak faoliyatida muammo bo‘lsa, metallning chiqishi sekinlashib, organizmda to‘planish ehtimoli ortishi mumkin.
Ayrim tadqiqotlarda u kalsiy almashinuviga ta’sir qilishi mumkinligi ham qayd etilgan, bu esa suyak mustahkamligi bilan bog‘liq muammolar xavfini oshiradi.
Bugungi kunda deyarli hammaning oshxonasini zamonaviy granit qozonlar bezab turadi. Xo‘sh, yopishmaydigan granit qozonlar aslida nimadan tayyorlanadi?
So‘nggi yillarda "granit”, “tosh qoplamali” yoki “non-stick” qozonlar juda ommalashdi. Ularning asosiy afzalligi ovqat yopishmasligi va qulay tozalanishi.
Biroq mutaxassislar muhim bir jihatni ta’kidlaydilar, bu idishlar haqiqiy granit toshdan emas, balki alyuminiy asos ustiga qoplangan sun’iy qoplamadan tayyorlangan
Qoplama tirnalsa yoki yuqori haroratda qoplama yemirilishi mumkin. Metall asos ochilib qolsa, zaxarlanish xavfi ortadi.
Shu sababli mutaxassislar metall idishlardan ehtiyot bo‘lish, yuqori olovda uzoq vaqt qizdirmaslik va faqat ishonchli kompaniyalarning mahsulotini tanlashni tavsiya qiladi.
Oshpazlar va tajribali mutaxassislar orasida eng ko‘p tavsiya qilinadigan variant — cho‘yan qozonlar. Chunki u issiqlikni uzoq saqlaydi, taomni bir maromda pishiradi, yuzlab marta ishlatishga chidamli, to‘g‘ri parvarishlansa o‘n yillab xizmat qiladi. Ayniqsa qoplamali cho‘yan qozonlar foydalanishda yanada qulay hisoblanadi.
Qozon tanlash — bu oddiy uy anjomini tanlash emas, balki uzoq muddatli salomatlik va xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy qarordir. Arzon narx har doim ham to‘g‘ri tanlov degani emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter