Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rahbarlar qat’iy ogohlantirildi, ayrimlari lavozimidan olindi. Prezident videoselektor o‘tkazdi

Rahbarlar qat’iy ogohlantirildi, ayrimlari lavozimidan olindi. Prezident videoselektor o‘tkazdi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-yanvar kuni mamlakatimiz tinchligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi globallashuv davrida yangidan-yangi tahdid va xavf-xatarlar paydo bo‘lmoqda, jinoyatlarni sodir etish usul va vositalari, maqsadlari o‘zgarib bormoqda. Shularni hisobga olgan holda, mamlakatimizda keyingi ikki yilda bu masalalar bo‘yicha 100 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, ichki ishlar tuzilmalari isloh etildi. «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz turizm», «Xavfsiz xonadon» tizimlari joriy etildi va 24 soatlik patrul xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bularning samarasida o‘tgan yili jinoyatchilikni 33 foizga kamaytirishga erishildi.

– Ko‘rilayotgan choralar natijasida fuqarolarimizda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo bo‘lmoqda. Lekin xotirjamlikka berilishga hech kimning haqi yo‘q, hali oldimizda qilinadigan ishlar ko‘p, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda jinoyatchilikni jilovlashni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, Andijon viloyatining deyarli barcha tumanlarida og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshgan. Viloyatda ayollar jinoyatchiligining salmog‘i yuqori bo‘lib, respublika ko‘rsatkichining 8,5 foizini tashkil etgan. Qoraqalpog‘istonda jinoyatchilik 31 foizga kamaygan bo‘lsa-da, qotillik holatlari ko‘paygan. Namangan viloyatida ham bu borada ahvol qoniqarsiz ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ichki ishlar vazirligiga yuqoridagi masalalar bo‘yicha vaziyatni tubdan yaxshilash, chuqur tahlil asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

– Xabaringiz bor, o‘tgan yili «ishlaganni – rag‘batlantirish, ishlamaganni – jazolash tizimi»ni joriy etgan edik. Bugun uni sarhisob qiladigan vaqt keldi, – dedi Prezident.

Jinoyatchilikni jilovlashda eng yuqori natijaga erishgan 10 ta hudud – Shirin va Guliston shaharlari, Shahrisabz, Yangiyo‘l, Kegeyli, Qonliko‘l, Xovos, Sardoba, Mirobod, O‘rtachirchiq tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlarini moddiy rag‘batlantirish, aksincha, bu borada ko‘rsatkichlari eng salbiy bo‘lgan 10 ta hudud – Nurota, Nishon, Ellikqal’a, Paxtaobod, Do‘stlik, Paxtakor, Izboskan, Bo‘stonliq, Buvayda, Quyichirchiq tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlariga jarima shaklidagi intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Endi hokimlar ham har kuni o‘z hududidagi jinoyatlar bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan muhokama qilib borishi, shuningdek, joylardagi xalq deputatlari kengashlari jinoyatlar bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilib, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga o‘z hissasini qo‘shishi kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda «Mahalla posboni» tuzilmasi rahbari lavozimi o‘rniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ularning shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yildi. Kelgusida jamoat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan yordamchilarga ichki ishlar organlarining oliy ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘qishga kirish huquqi berilishi ma’lum qilindi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi samarali kurashish bo‘yicha «hududlar tajribasi»ni joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, Toshkent shahrida bosqinchilik, Farg‘onada firibgarlik, Toshkent viloyatida o‘g‘irlik jinoyati ko‘p sodir etilayotganini hisobga olib, ularni profilaktika qilish bo‘yicha hududiy usullar shakllantirish talab etiladi.

Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Milliy gvardiya harbiy-texnika institutiga o‘zaro hamkorlikda kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarda ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazib, jinoyatchilik ahvoli o‘zgarishini kriminologik prognozlash bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida, ichki ishlar organlarida ishlaydigan psixolog-pedagoglar maktabini yaratish, oliy o‘quv yurtlarida psixolog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

Yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalasi muhokama qilinar ekan, keyingi vaqtda is gazidan zaharlanish holatlari ko‘payib ketayotgani keskin tanqid qilindi.

Buning asosiy sababi – isitish jihozlarining sozligini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash yetarli darajada nazorat qilinmayapti. Bu bilan nodavlat tashkilot hisoblangan O‘zbekiston yong‘inga qarshi kurashish jamiyati shug‘ullanyapti.

Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga ushbu jamiyat faoliyatini yalpi tekshirishdan o‘tkazish va sohani takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligiga isitish jihozlari, mo‘ri va boshqa uskunalarning texnik holatiga mas’ul davlat idorasini belgilash, gaz va ko‘mir asosida isitishga mo‘ljallangan bino-inoshootlarni is gazini o‘lchash uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha texnik reglament ishlab chiqish yuklatildi.

Yig‘ilishda aholining mulk daxlsizligini ta’minlash borasidagi vazifalar ham ko‘rib chiqildi. Endilikda mahallalarda jamoat xavfsizligi va shaxsiy mulk daxlsizligini ta’minlashga Ichki ishlar vazirligi bilan Milliy gvardiya tengma-teng javob berishi ta’kidlandi. 

Jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga layoqatli shaxslarni ish bilan ta’minlash, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. Bunday shaxslarni kasbga o‘rgatish, ertaga ular tomonidan takroriy jinoyatlarni sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Videoselektorda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini o‘qitish, ularning kasbiy mahoratini va madaniyatini muntazam oshirib borish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

– Huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi eng yangi yondashuvlarga asoslanishi, ular shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos bo‘lishi zarur. Yosh kadrlarda tanqidiy tahlil, intizom, halollik, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlikni shakllantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga rahbarlar tayinlashda butunlay yangicha mexanizm joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi. Unga muvofiq, nomzodlar ma’lum muddat davomida maqsadli indikatorlarga erishish sharti bilan lavozimga tayinlanishi, shartlar bajarilmagan taqdirda shartnoma muddati uzaytirilmasligi lozimligi belgilandi.

Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarda huquqbuzarlikka nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil bo‘ladi. Lekin huquqiy targ‘ibot ko‘pincha eskicha usullar, majlisbozlik va yuzaki ma’ruzalardan iborat bo‘lib qolayotgani sababli to‘la samara bermayotir. Shu bois Adliya vazirligiga Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kadrlar masalalari ham ko‘rildi. O‘z xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ko‘plab rahbarlar qat’iy ogohlantirildi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Videoselektorda jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul davlat organlari rahbarlarining hisobot va takliflari eshitildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring