Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

«Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!..» (feleton)

«Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!..» (feleton)

Foto: «Xabar.uz»

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi raisi faoliyatidan g‘irt teskari lavha

Sud-huquq sohasidagi islohotlar baland pardalarda yozilayotgan maqola-xabarlar yoki telelavhalardagina o‘z ifodasini topayotgani yo‘q. O‘zgarishlar ayrim sudyalar faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqdaki, bundan nainki oddiy odamlar, hatto tizimda sochi oqargan ancha-muncha mutaxassislar ham hayratdan qotmoqdalar. Bu borada fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi raisi M.Imomov salkam namuna bo‘layotganini e’tirof etmasak, tarix bizni kechirmaydi.

Muhtaram Prezidentimiz soha xodimlarini yig‘ib, tizimda yaxshigina ildiz otgan korrupsiya, ayrim sudyalarning ma’naviy-axloqiy ahvoli, ayniqsa, professional layoqati va halolligini ayovsiz tanqid qilib, «sud binosiga kirgan odam davlatga do‘st bo‘lib chiqishi kerak», deganidan so‘ng qahramonimiz oldiga tamoman yangi maqsad qo‘ydi: huzurimga kelganki kas do‘stimga aylansin! Zero, rahmatli shoir aytmishkim: «Do‘st bilan obod uying, gar bo‘lsa u vayrona ham».

Begonalarni do‘st qilmoq qasdida «mehr uyin eshigin» la-ang ochib qo‘ygan g‘aroyib kunlarining birida Azamat Gaybnazarov degan fuqarodan da’vo-ariza tushdi. Da’vo bilan tanishgach, qahramonimizning ko‘zlariga chirt yosh kelgan bo‘lsa, ne ajab?! Sho‘rlik da’vogar sud ostonasiga bosh urib kelguncha ichki ishlar idoralarida ozmuncha sarg‘aymagan ekan. Yozg‘irishicha, I.Xaitov va D.Smirov degan fuqarolar undan juda katta miqdorda qarz olib, pulni qaytarmay qulog‘iga lag‘mon osib yurishganmish. Bechora ularning «firibgar» ekanini isbotlayman, deb ona suti og‘ziga kelibdi. Biroq vajlari tasdiqlansa, qani?!

Shunga qaramay yozaveribdi, yozaveribdi... Orada jinoyat ishi ochilib, Xayitov ham, Smirnov ham hisbga olinibdi hatto. Biroq baribir «delo» sudgacha yetib bormabdi: tergovchilar ming harakat qilishmasin, jinoyat alomatlari topilmabdi-da?! Yunusobod tumani IIBsidan tortib, poytaxt, hatto Toshkent viloyati IIB tergovchilari «ish»ning ijig‘-bijig‘ini chiqaribdi, natija o‘sha-o‘sha: I.Xaitov va D.Smirnovlarning aybi yo‘q, vassalom.

Ichki ishlardan xafsalasi pir bo‘lgan inson sud ostonasida ikkilanib turmog‘i tayin: ishi o‘xsharmikan? Shu-uncha tergovda isbotini topmagan shu-uncha vajlarini sudda qandoq isbotlasin?! Ustiga ustak, fuqarolik sudidagi tartib boshqacharoq: IIBga ariza bersang, darhol ishga tushishadi. Fuqarolik sudida esa davlat boji degan dahmaza bor. Da’vo-ariza sud ish yurituviga olishi uchun A.Gaybnazarov o‘zi da’vo qilayotgan otning... yo‘q, filning kallasidek summadan kelib chiqib, davlat boji to‘lashi kerak: miqdori yap-yangi «Spark» bahosidan kam emas!.. Aks holda, da’vo-ariza chiqqan... uzr, kelgan joyiga qaytarib yuboriladi.

Da’vogar sudga Toshkent shahar Yunusobod tumani «Otchopar 1» mahalla fuqarolari yig‘inidan hujjat keltirgandi: unda A.Gaybnazarov go‘yoki shu mahallaning O.Zokirov ko‘chasi 10-xonadonida xotini L.Isaqova va uch nafar farzandi bilan ro‘yxatda turishiyu hech qayerda ishlamasligi zikr etilgandi. Bu hujjatni ko‘rib, sud raisining ko‘ngli battar buzilgan bo‘lsa, ehtimol: vah, sho‘rlikkinam, rostnam og‘ir ahvolda ekansan-ku?! Ko‘p siqilma, qonunlarimiz o‘ta insonparvar — bechoralarga yengillik berib qo‘ygan, seni o‘sha yengillikka ««ilintirishim» uchun menga mahallaning shu bir parcha qog‘ozi-yu bir millon so‘m to‘laganing — kifoya...

Oddiy fuqaroni do‘st qilmoq uchun sudyaning shugina harakati yetarli emasmi?! Aslida, fuqaroning hech qayerda ishlamasligi — bojni kechiktirishga imtiyoz bermaydi, qonunga ko‘ra, e’tibor uning mulkiy ahvoliga qaratiladi. Shunga qaramay MFYning bir parcha ma’lumotnomasiga asosan bitta mashina narxiga barobar davlat boji miqdorini o‘rniga ikkita g‘ildirakka yetmaydigan darajada to‘langan pulga qanoat qilib, da’vogarga katta imkoniyat yaratib bergan sud raisi jur’atiga qoyilmisiz? Bunday tavakkalga qo‘l urgan mansabdor umrbod «tekin bilan ta’minlanish» imtiyoziga loyiq emasmi?!

Biroq javobgarlar anoyi emas ekan. «Bir» deganda «Otchopar 1» MFY tomonidan berilgan ma’lumotnoma soxtaligini isbotlab berishdi. Oshkor bo‘ldiki, sud ajrimida yozilganidek, A.Gaybnazarovning «oilaviy sharoiti og‘ir»ligi shunchaki safsata bo‘lib, u «Kaptiva»ni varanglatib yurgan boyvuchcha ekan?! Bundan voqif bo‘lganlar hayron: ibi, «Kaptiva» sohibi «sharoiti og‘ir» deyilsa, «Lasetti» egalari gadoy hisoblanar ekan-da, a?! Velosipedi borlar-chi? Ularning «maqomi» Afrika junglilarda lippasiga yong‘oq bargi taqib yurganlar bilan barobarmi?..

Bunday dalil oldida uncha-muncha vallomat ojiz qolishi tayin. Biroq sud raisi da’vogarga vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini topib berdi: javobgarning 19.02.2018-y. kungi sudda» da’vogarning davlat raqami 01U568UA bo‘lan «Shevrole Kaptiva» mashinasiga taqiq solish» haqidagi arizasini «keyingi sud majlisida ko‘ramiz», deya nari surdi. O‘n kundan keyingi o‘tgan keyingi sud majlisida, darhaqiqat, «Kaptiva»ga taqiq qo‘yish haqida ajrim chiqarildi. Biroq ajrim chiqishidan besh kun avval da’vogar mashinasini sotib yuborishga ulgurgandi...

Sudning bu hujjati bir qarashda «hayitdan keyingi xina»ga o‘xshashi mumkin, biroq biz uni «sudyaning o‘z ahdida sodiqligi yo‘lida tashlagan mardonavor qadam», deya e’tirof etamiz?! Zero, takror aytamiz, uncha-muncha sudya bunday tavakkalga jur’at etmog‘i dushvor. Bunaqa jur’at quvvati qanday omillarga taqalishi esa katta ilmiy ishga mavzusidir! Axir sudga soxta ma’lumot taqdim etgan kimsaning hech yo‘g‘i «burniga chertib» qo‘yish o‘rniga vaziyatdan osonlik bilan chiqib ketish imkoniyatini taqdim etishning o‘zi bo‘ladimi?! Sudyaning bu mehribonligi javobsiz qolmadi, albatta: A.Gaibnazarov «Kaptiva»ni eson-omon sotib olgach, boj tariqasida 10 million so‘m to‘lab, do‘st-dushmanning oldida sud raisining «yuzini yorug‘ qilib» qo‘ydi go‘yo... Bu summa to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji miqdorining oltidan biricha emasdiki, shunga qaramay sud kelgan joyidan davom etaverdi...

Darvoqe, «Otchopar 1» MFYning yuqoridagi soxta ma’lumotnomasi da’vorgarning yana bitta sirini fosh qilgan edi. Gap shundaki, A.Gaybnazarov turmush o‘rtog‘i L.Isaqova bilan ajrashib, boshqa ayol bilan qonuniy yashayotgani ayrim hujjatlarda zarb etilgan. Soxta ma’lumotnomada esa uning umr yo‘ldoshi sifatida o‘sha — «qonuniy ajrashgan xotini» ismi-sharifi ko‘rsatilgandi. Ma’lumotnoma soxta ekani fosh bo‘lgach, mutasaddilar «uni (ma’lumonomani) A.Gaybnazarovning o‘z so‘zidan» kelib chiqib yozib berilganini oshkora tan oladilar... Inkor etib bo‘lmas bu holat Azamat hozirda go‘yoki «qonuniy yashab kelayotgan xotini» bilan propiska uchungina «ZAGS»dan o‘tgani haqidagi gap-so‘zlar rost ekanini mantiqan tasdiqlaydi... Buning fuqarolik ishiga dahli yo‘q, to‘g‘ri. Bu o‘rinda gap boshqa yoqda: huquq organlariga soxta ma’lumotlar taqdim etib, davlatni takror-takror aldashga uringan odamni javobgarlik masalasini hal etish o‘rniga yana «davlatga do‘st» qilmoqqa urinishi qahramonimizda oqibat-u jur’at atalmish fazilatlardan mo‘l-ko‘l ekanini yana bir karra ko‘rsatmayaptimi? Boz ko‘rdik: da’vogarning da’vo-arizasi «aylanma yo‘llar orqali» sud ish yurituvga qabul qilinishining o‘zi tarix! Tarix esa o‘z qahramonlarini unutmag‘ay?!.

Sirasini aytganda, orqaga yo‘l qolmagan edi: da’vorgarning «bechorahol» ekani fosh bo‘lguncha bir necha marta sud majlisi o‘tkazilgan, bu jarayonda sud raisi da’voni ta’minlash uchun javobgarlarning qo‘lga ilinganki mulkiga taqiq solib ulgurgan edi. Davlat boji to‘lanishi bilan bog‘liq «o‘yinlar» «tagiga olib ketsa», sud raisining»toat-ibodati» havoga uchmaydimi?.

Sud qo‘ygan taqiq Buxorodagi «OZPROMTEK-BUXORO» sho‘’ba korxonasini ham chetlab o‘tmagandi. Olis Buxorodagi mazkur sho‘’ba korxonasining bu g‘avg‘olarga ne aloqasi bor, dersiz? Mundoq qaraganda — hech qanday. «OZPROMTEK-BUXORO» — «Uz Prom Tek» degan MChJning sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. MChJning 75 foiz ulushiga javobgarlardan biri — I.Xaitov egalik qiladi, korxona «bandiga aylangani»ning sababi shunda. Vaholanki, sho‘’ba korxona — alohida yuridik shaxs bo‘lib, Nizomida: «...ta’sischi majburiyatlari bo‘yicha javobgar emasligi» aniq-tiniq yozib qo‘yilibdi. Mayli, bu borada ortiqcha bahslashmaylik. Faqat sud raisi javobgar ta’sischiligida tashkil etilgan yuridik shaxsga undagi ulushi miqdoricha emas, «ko‘tarasiga» band solvorganini ta’kid etmasak, ul zoti bobarakotning salohiyatini to‘la ifoda etmagan bo‘lamiz. Rost, bu jarayonda mazkur yuridik shaxsning boshqa ta’sischisi huquqlari ezg‘ilangani ehtimoli borday. Ammo unutmangkim, «do‘stlik», «oqibat», «ahdga vafo» degan tushunchalar ma’lum qurbonliklar talab etadi. Bunday qurbonliklar o‘zganing burnini qonatish evaziga bo‘lsa, nima qipti? Axir, maqsad — bir, manzil — mushtarak. Mazkur ajrim gultojisi shundaki, solingan band «OZPROMTEK-BUXORO» ShKning ish haqi va majburiy to‘lovlarni amalga oshirishiga monelik qilmaydi. Lekin shuning o‘ziyam sho‘’ba korxona ishchilarini naq pichoqsiz so‘yishga yetib ortdi: kommunal to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatidan mahrum korxona faoliyat ko‘rsatishi mumkinmi? Albatta, yo‘q: qarabsizki, hali sud yarmiga yetmayoq 15 nafar ishchining teng yarmi tayyor ish joyidan mosuvo bo‘ldi. Hademay navbat boshqalariga ham yetib keladi... Endi ayting: yurt rahbari «ikkita ish o‘rni yaratgan odamni boshda ko‘tarib yurishga tayyorligini» ochiq aytayotgan bugungi kunda bahsli asos va ochiqdan ochiq xayrixohlik evaziga ajrimlar chiqarib, shu-uncha odamning ko‘chada qolishiga sababchi bo‘lish uchun inson qanchalar botir-u mard-u maydon bo‘lishi kerak?!

Endiyam sud raisining «sudga kirgan odamni davlatga do‘st qilish»dek niyatiga shubha qilasizmi?

Endiyam «soxta hujjatlar bilan davlatni aldashga uringan odam do‘st bo‘larmidi?!» degan shubhayu ishtiboh bormi sizda?

Endiyam sudyalar turli bosimlardan holi va xolis ekani xususidagi gaplardan ensangiz qotyaptimi?

Endiyam Prezidentimizning sudlardagi bu kabi illatlar vaboga aylangani xususidagi kuyib-pishib aytgan gaplariga ishonasizmi?

 ...Hozircha ushbu fuqarolik ishi yuzasidan chiqarilgan ikkitagina ajrim haqida so‘z yuritdik, «ish» bo‘yicha qabul qilingan xol... uzr, hal qiluv qarori turibdi.

Bu endi keyingi maqolamiz mavzusi. Yo, nasib!..

Tursunali Akbarov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring