Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Samarqand yoshlariga nima bo‘ldi?

Samarqand yoshlariga nima bo‘ldi?

Foto: Xabar.uz

Xavotir. Keksa ayolning boshiga kiydirilgan chelak, haykal ustida o‘tirgan bolalar, endi esa tramvaydagi beboshlik...

Avval yo‘lakda jim ketayotgan keksa ayolning boshiga axlat chelagini kiydirib, musht tushirishgandi. Keyin ijtimoiy tarmoqlarda sohibqiron bobomiz haykaliga (hatto boshiga) o‘tirib tushirilgan fotosuratlar paydo bo‘ldi. Endi esa tramvaydagi yo‘lovchilarning yuziga qandaydir suyuqlikni sepishibdi.

Nega Samarqand yoshlari bu qadar beboshlik qilishmoqda? Ularni «jilovlash» qiyin bo‘lib qoldimi? Tarbiya uchun, eng avvalo, ota-ona mas’ul. Qayerga qarashyapti ular? Tarbiya beryaptilarmi o‘zi? Farazandining kamoli uchun vaqt ajratishyaptimi?

Maktab, o‘quv yurtlari-chi? Ular jon kuydiryaptimi? Ta’lim-tarbiya nechog‘lik ahamiyat kasb etmoqda? Foydasi bormi o‘zi? Agar nafi bo‘lsa, «tramvay voqeasi» nimani aks ettiradi? Foydasi bo‘lmasa, shuncha mutasaddilar, ustoz-o‘qituvchilar nega faoliyat ko‘rsatmoqda? Ertaga bundan-da katta qiliqlar, jinoyatlar ro‘y bermasligiga kim kafolat beradi?

Umuman aytganda, yoshlarning miyasini zaharlayotgan g‘alati «ermak»lar qayerdan paydo bo‘ldi? Nahotki ular shu qilig‘i bilan huzurlansa? Nahotki bu harakatlarni qahramonlik hisoblashsa? Boshqa ermak topilmayaptimi?

Mashhur professor Jon Dyui «Inson tabiatiga xos chuqur intilishlardan biri uning e’tibor qozonishga bo‘lgan sa’y-harakatidir», degan edi. Professor Uilyam Jeyms aytishicha esa, «Odamlarning asosiy xususiyatlaridan biri qadr-qimmatiga yarasha baholanishi uchun talpinishdir».

Xo‘sh, Samarqand yoshlari shu qiliqlari bilan e’tibor qozonmoqchimi? Tuturiqsiz harakatlari orqali qadr-qimmati baholanishiga erishmoqchimi?

Hokimlik, Yoshlar Ittifoqi, madaniyat boshqarmalari jiddiy qarayaptimi mazkur masalaga? Ma’naviyat, mafkura mutasaddilari-chi? Tadbirbozlik, majlisbozlikdan qachon bo‘shab, vaqt ajratishadi? Bilaman, bu masalaga ko‘tarilsa, albatta, tadbir uyushtirilib, «tushuntirish ishlari» olib boriladi. Vaholanki, eskicha tartiblardan voz kechmas ekanmiz, hali-beri ijobiy o‘zgarishlar kutilmaydi.

Samarqand yoshlarining so‘nggi harakatini bir tahlil qilaylik! Yuziga tibbiy niqob taqqan o‘smir tramvayga chiqib, yo‘lovchilarning yuziga suyuqlik sepgan. Nega? Nima uchun? Tengqurlari bilan garov o‘ynaganmi u? Axir, o‘sha suyuqlik... kislota bo‘lishi ham mumkin edi-ku, Xudo ko‘rsatmasin! Bu «kampaniyabozlik» a’zolari yetti nafar. Hammasi maktab o‘quvchisi. Eng yomoni, orasida qizlar ham bor! Naq uyushgan bezorilik, deysiz!

Ruslarning mashhur yozuvchisi Arkadiy Gaydayning asarida sohibqiron bobomiz nomi qo‘yilgan qahramon boshchiligida yoshlar qishloq odamlarining og‘irini yengil qilib, turli yumushlarini imi-jimida bajarib ketaveradi. Hozirgi yoshlarimiz esa...

Ular bilan hech kim jiddiy shug‘ullanmayapti. Telekanaldagi ko‘rsatuvni to‘xtatgandan ko‘ra, yoshlar hayotiga tiyrak ko‘z bilan e’tibor qaratish ma’qul emasmi? Taassufki, kelajagimiz bo‘lgan yoshlar hayotiga qiziqmayotganimizga ancha bo‘ldi. Biz ko‘proq o‘z halovatimizni o‘ylaymiz, boshqalarga nisbatan beparvomiz. Bu loqaydligimiz yoshlarni tobora dangasa, bekorchi, boqimanda va shafqatsiz qilib qo‘ymoqda.

Teatr – tarbiya o‘chog‘i, Behbudiy aytganidek, ibratxona. Biroq yoshlarni teatr, kutubxonalarga jalb etish qay darajada? Bu o‘rindagi yolg‘on statistikadan qochish, aniq ishlash fursati kelmadimi? Tadbirbozlik, hisobotbozlikdan ko‘ra yoshlar hayoti, qiziqishi, dunyoqarashini tahlil qilish, psixologlar xizmatiga tayanish maqbul emasmi?

Teatr kabi tarbiya o‘choqlariga yoshlarni jalb etish nomigagina amalga oshiriladi, xolos. O‘zbekiston xalq artisti, taniqli aktyor va rejissyor Ubaydulla Omon bilan uyushtirilgan suhbatdan bir iqtibos keltirib o‘taman.

– Xo‘sh, viloyat teatrlari tomoshabinlari kimlar? – deydi u. – Ular, asosan, kollej o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalaridan iborat. Bugungi kunda yoshlarni majburan teatrga olib kelishadi. Bu majburiy tomoshabinlar spektakl davomida sahnadagi voqealarni kuzatish o‘rniga telefonini o‘ynab yoki pista chaqib o‘tiradi. Shu bois men juda tashvishlanaman. Chunki tomoshabinni teatrga qaytarish masalasi baribir og‘ir muammo sifatida qolmoqda. San’atga qiziqqan tomoshabin uchun o‘zining ehtiyojini qondirishi yo‘lida bugun imkoniyatlar ko‘p. Internet, televizor orqali xohlagan narsasini tomosha qilishi mumkin. Bu esa tomoshabinni teatrdan yanada uzoqlashtiradi.

Ubaydulla Baqoyevning gaplarida jon bor. Shunday ekan, teatrlarning ko‘r-ko‘rona ishlashiga chek qo‘yish vaqti keldi. Yoshlarni zeriktiradigan, almisoqdan qolgan spektakllar o‘rniga ularni jalb etadigan, qiziqtiradigan tomoshalarni sahnalashtirgan ming karra afzal.

Yoshlar tarbiyasi haqida gap ketganda Misr ehromlari devoridagi mashhur bitik yodga tushadi: «Bugungi yoshlar aynib ketgan». Ha, uzoq asrlar qa’ridagi iddao shu qadar dolzarbki, uni har davrda qo‘llasa bo‘ladi. Ammo bugungi yoshlarning aynigani oshib tushyapti. Ular bilan jiddiy shug‘ullanmas ekanmiz, ko‘ngilsiz «syurpriz»lar yana bo‘laveradi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring