Samarqandda kasalini yashirib, 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgan shifokorga jinoiy ish ochildi

Samarqand viloyati hududida SOVID-19 infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish va uning kelib chiqish manbasini aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlari va tibbiyot xodimlari hamkorligida tuzilgan ishchi guruh a’zolari tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruv ishlari davomida fuqaro X.D. tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelib, joriy yilning 20 aprel kunidan sog‘ligida o‘zgarish boshlanib, o‘zida yo‘tal, tana haroratining 39 darajagacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi COVID-19 infeksiyasi kasalligi belgilarini his qilgani holda ushbu kundan uy sharoitida davolana boshlaganligi aniqlangan.
X.D. shifokor bo‘la turib o‘zini COVID-19 infeksiyasi kasalligiga chalinganligida gumon qilgan bo‘lsada, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 2020 yil 20 aprel kunidan 27 aprelga qadar tegishli tartibda tez tibbiy yordamga murojaat qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida yashirincha o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarni qo‘pol ravishda buzgan.
Oqibatda, X.D. belgilangan tartibda o‘zini va boshqalarni himoyalash, kasallik yuqtirmaslik choralarini ko‘rmasdan, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolab kelgan bemor va hamkasblaridan iborat jami 11 nafar hamda ular orqali boshqa 23 nafar shaxslarga o‘ta xavfli bo‘lgan yuqumli kasallikni yuqtirib, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini hamda borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirib, jami 34 nafar fuqarolarning COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanishiga sababchi bo‘lgan.
2020 yil 12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxslarning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida ularga nisbatan davolash muolajalari olib borilmoqda.
Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter