Saudiyadagi neft zavodiga «soxta bayroq» ostida Isroil zarba bergan – Tasnim
2-mart kuni Eron Saudiya Arabistonining neft infratuzilmasiga, jumladan, dunyodagi eng yirik neft eksport markazlaridan biri bo‘lgan Saudi Aramco kompaniyasining Ras-Tanura ob’yektiga zarba bergani xabar qilingan edi.
Eronning Tasnim News Agency agentligi xabariga ko‘ra, Saudi Aramco neft ob’yektlariga amalga oshirilgan hujum Isroil tomonidan uyushtirilgan va «soxta bayroq» (false flag) amaliyoti namunasi bo‘lishi mumkin.
Agentlikning «xabardor harbiy manba»ga tayanib aytishicha, mazkur harakatning maqsadi – mintaqadagi davlatlar e’tiborini Isroilning Eron hududidagi fuqaroviy ob’yektlarga qilingan zarbalaridan chalg‘itishdir.
«Eron hech qanday ikkilanishsiz mintaqadagi barcha amerikalik va isroillik manfaatlar, obyektlar va infratuzilmalarga zarba berishini ma’lum qilgan va ularning ko‘pchiligiga allaqachon hujum qildi. Biroq Aramco obyektlari hozircha Eron hujumlari nishonlari qatoriga kirmagan», – degan Agentlik manbasi.
Shuningdek, manba razvedka ma’lumotlariga tayanib, BAAdagi Fujayra porti ham «soxta bayroq» doirasidagi navbatdagi ehtimoliy nishonlardan biri bo‘lishi mumkinligini iddao qilgan.
Ayni paytda mazkur da’volar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q. Isroil yoki boshqa tomonlardan rasmiy munosabat bildirilmagan.
Vaziyat mintaqadagi keskinlik fonida sodir bo‘lmoqda va neft infratuzilmasiga qaratilgan har qanday hujum global energetika bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter