Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar — prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi — me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman!» (audio)

Shavkat Mirziyoyev: «Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar — prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi — me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman!» (audio)

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidentining dabdabali to‘y marosimlarini va davlat amaldorlarining ularga tashrif buyurishini tanqid qilayotgani yozilgan audiosi internetga sizdirildi. Bu haqda «UzNews.uz» xabar bermoqda.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda keng taralayotgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan audioyozuv xalqaro tarmoqqa kim tomonidan sizdirilgani, bu nutq qachon va qaysi yig‘ilishda aytilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina audioning so‘ngrog‘ida Shavkat Mirziyoyev bu borada Andijon viloyatidagi vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tganidan voqea Andijon viloyatiga borganda yuz berganini taxmin qilish mumkin.

— Bosh vazirdan boshlab hokimgacha barcha ijro organlari rahbarlarining to‘y-marosimlarga borishi ma’n etiladi. Choyxonalarning oldida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim o‘shani ishdan olib tashlayman, javobgarlikka tortaman.

To‘y eng ko‘pi 150 kishiga bo‘ladi, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham o‘tkazmaydi. Bo‘ldi, u zamonlar tugadi. Odamlarning g‘ashini keltiryapti. Marosimlar ham, to‘ylar ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘ddayib hamma muovinlari bilan, hamma turadi. O‘sha 20 kilogramm go‘shtingni puliga biror kambag‘alning uyini ta’mirlab ber, televizor olib ber!

Qaror chiqadi! Qaror! Prezident qarori emas, Senat qarori chiqadi! Qani birortang g‘ing deb ko‘r. U to‘yga borish endi man etiladi. Men o‘zim yuragimdan bilgan holda shuni aytyapman. U hammasi xiyonat bizning xalqimizga, ikkinchidan, to‘y qilishning ham me’yorini yozib beramiz.

Toshkentda to‘rtta qizi bor odam to‘y qilishi uchun o‘zini osishi kerak to‘y qilish uchun. Oddiy, budjetdan maosh olib yashaydigan odam to‘rt qizini erga berishi uchun o‘zini ossa ham bo‘laveradi. Nimaga?! (Chunki to‘y qilish uchun) hech qanday imkoniyat yo‘q. Birovdan qolmay deb, qarz oladi, o‘ziga qaramaydi, do‘xtirga bormay, faqat shu to‘yga yig‘adi. Kimga kerak bu to‘y?

Avvaliga biz tashviqot qilib ko‘rdik, foyda bo‘lmadi. Xiyonat qilyapmiz xalqimizga! To‘ylarni joy-joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi. Adolat o‘rnatiladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar — prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi — me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman.

Qaysi vazir yo bosh vazir o‘rinbosari 500 kishiga to‘y qilishga yetadigan maoshni qayerdan oladi? Hammasi o‘g‘rilik bu, agar buning tagini surishtirsak. O‘g‘rilik! Bu ham adolatsizlikning bir oqibati. 110 kishi, 120 kishi. Tamom! Juda bo‘lmasa, maxsus komissiyadan ruxsat olib, 150 kishilik to‘y qiladi. Bundan ortig‘i hech qayerdan bo‘lmaydi. Juda yaxshi bo‘ladi, faqat yoshlar bo‘ladi. Qariyalar non sindirishga, to‘yga yoshlar boradi.

Men shuni hammasini yozib, qaror chiqarishga majburman. U zamon o‘tib bo‘ldi endi. Nima uchun buni aytyapman? Chunki Andijonda ham bu juda kuchayib ketgan. Avvalambor ertalabki to‘ylar yo‘q bo‘ladi. Bo‘ldi endi. Marosim tushlik vaqti, 13:00 dan 14:00 gacha bo‘ladi. Qaysi restoran kechqurun o‘shani qilsa, o‘sha restoranni o‘sha kuniyoq yopamiz. Adolatsizlikni o‘zimiz boshlab beryapmiz.

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Prezidenti

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring