Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar vaziri Holid al-Falihni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar vaziri Holid al-Falihni qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Xususan, pandemiyaga qaramay, ikki mamlakat davlat organlari va ishbilarmonlik doiralari darajasida faol muloqot olib borilmoqda. Investitsiyalar vaziri delegatsiyasi tarkibida Saudiya Arabistonining 30 ga yaqin yetakchi kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurgani ham shundan dalolat beradi.

Investitsiyalar vaziri Holid al-Falih O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va valiahd Muhammad Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Vazir Saudiya kompaniyalarining investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanayotgani va ularning mamlakatimizda samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Delegatsiya tashrifi arafasida Buxoro shahrida qo‘shma biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazilib, Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Kecha Sirdaryo viloyatida «ACWA Power» korporatsiyasi ishtirokida quvvati 1200 megavatt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi. Bundan tashqari, ushbu kompaniya tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy qiymati 1000 megavattli shamol elektr stansiyalari barpo etiladi.

Umuman, mamlakatimizda Saudiya investitsiyalari ishtirokidagi qo‘shma korxona va loyihalar soni keyingi yillarda bir necha barobarga ko‘paydi.

Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikning aniq loyihalari muhokama qilindi.

Energetika, neft-gaz, gaz-kimyo va kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalari va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy qilish asosida yangi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Qo‘shma dastur va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini rivojlantirish, jumladan, O‘zbekistonda investitsiya kompaniyalari va mikromoliyaviy tashkilotlarni tuzish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tashabbuslarni o‘rganish va ilgari surish maqsadida «yo‘l xaritasi»ni qabul qilib, amalga oshirish, hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash, ustuvor loyihalar bo‘yicha ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring