Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida barpo etilayotgan IT-Parkni borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev  Nukus shahrida barpo etilayotgan IT-Parkni borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Nukus shahrida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar va IT-parkni borib ko‘rdi.

Tatibay ko‘chasida 160 ta xonadonga mo‘ljallangan ikkita 16 qavatli uy qurilmoqda. Mazkur turar joy majmuasi zamonaviy dizaynda, zilzilaga bardoshli bo‘ladi. Tashqi devorlar bir necha qatlamdan iboratligi bois uylar energiyani tejaydi.

Majmua 2021-yilda bitkaziladi. Xonadonlar yashash uchun tayyor holda topshiriladi.

Prezident yangi uylarning shou-rumida bo‘lib, ularda yaratiladigan sharoitlar bilan tanishdi.

Shu yerda IT-park ham qurilmoqda.

Ma’lumki, bu yil mamlakatimizda «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilingan. 8-iyun kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda hududlarda soha rivojiga sharoit yaratish, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida Toshkentdagi IT-park filiallarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. 

Nukus shahrida barpo etilayotgan IT-park 16 qavatdan iborat bo‘ladi. Uni 2021-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga Qoraqalpog‘istonda yoshlarni axborot texnologiyalariga o‘qitish va shu sohada bandligini ta’minlash rejasi to‘g‘risida ma’lumot berildi. IT-parkda axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, ta’lim, turizm, madaniyat, qurilish va transport kabi sohalarda turli istiqbolli loyihalar ustida ish olib boradi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar o‘quv maskani, kovorking markazi, o‘quv va kibersport xonalarida yoshlar malakasi oshiriladi.

— Toshkentda nima yangilik bo‘lsa, Nukusga kelishi kerak, — dedi Prezident. — Yangicha ishlamasak, zamon qabul qilmaydi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahri tumanlarini Nukus shahri mahallalariga biriktirish, ko‘chalarni yoritib, obodonlashtirib, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga safari yakuniga yetdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring