Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shinjon durdonasi: Ko‘hna Qoshg‘ar, 6 ming dollarlik pichoq, Ginnes rekordiga kirgan cholg‘u asboblari (foto)

Shinjon durdonasi: Ko‘hna Qoshg‘ar, 6 ming dollarlik pichoq, Ginnes rekordiga kirgan cholg‘u asboblari (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Shinjon viloyatidagi eng qadimiy shaharlardan biri — Qoshg‘ar Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim savdo markazi bo‘lgan. Sharq va G‘arb madaniyatlari kesishgan bu tarixiy shahar o‘ziga xos muhiti bilan sayohatchilarni jalb etishda davom etmoqda.

Ushbu sehrli diyorga sayohatimiz davomida nafaqat shaharning diqqatga sazovor joylari, mahalliy aholining kundalik hayoti, an’analari, boy hunarmandchiligi va musiqasi, bir so‘z bilan aytganda, Qoshg‘ar ruhini his eta oldik.

Shahar shunchaki Ipak yo‘li savdo yo‘llarining chorrahasi bo‘lib qolmay, turli dinlar, tillar va madaniyatlarning o‘chog‘iga aylangan. Bu yerda turli madaniyatlarning izlarini topishingiz mumkin, ularning uyg‘unligi me’morchilik, san’at va aholining kundalik an’analarida ko‘rinadi. Id Kah masjidi kabi qadimiy obidalar shaharning boy tarixidan dalolat beradi.

1442 yilda qurilgan Id Kah Xitoydagi eng katta masjiddir. 

Qoshg‘arning eski shahri mintaqaning madaniy yuragi hisoblanadi.

Xitoy hukumati eski shahardagi minglab eski xonadonlarni buzib, o‘rnida “siti”lar qurmadi, aksincha, har bir xonadonni yana milliy uslubida, eski hovlilar ko‘rinishida baquvvat qilib qayta tikladi. Bundan hududni turizm orqali oyoqqa turg‘azish ko‘zlagandi.

Eski shaharning tarixiga oid muzeyda 30 ming xonadonning eski rasmlari, videolari saqlanar ekan. O‘sha xonadonlarda yashagan aholi va ularning avlodlari muzeyga kelib interaktiv ekranlar orqali o‘z xonadonlarining eski ko‘rinishlarini tomosha qilish imkoniga ega ekanlar.

Hozir ham Qoshg‘arning eski shahrida ko‘p asrlar ilgari bo‘lgani kabi, hayot qaynamoqda. Ko‘hna shahar bo‘ylab yurarkanmiz, sayyohlarning ko‘pligi hayratimizni oshiradi, bozorlarida, kulolchilik va temirchilik ustaxonalarida, uyg‘urcha kuy-qo‘shiqlar yangrayotgan xonadonlarida, choy va ziravorlar hidi taralib turgan do‘konlarida hamon o‘tmish ruhini his qilasiz.

Eski shaharning tor ko‘chalari bo‘ylab yurib, zargarlik buyumlari, matolar, kulolchilik va musiqa asboblari yasaydigan hunarmandlarni uchratish mumkin.

Ustalarning ishlarini sayyoh bolakaylar zo‘r zavq bilan kuzatishadi.

Bu ustaxonalar avloddan-avlodga meros bo‘lib, Qashqarning o‘ziga xos an’analarini saqlab qolishga yordam bermoqda. Pichoq yasaladigan ustaxonada turli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan namunalardan tortib, narxi 6 ming dollargacha turadigan, bir necha gramm tilla va javohirlar bilan bezak berilgan qimmatbaho pichoqlar ham uchraydi.

Musiqa va raqs Qoshg‘ar madaniy hayotida muhim o‘rin tutadi. Uyg‘ur musiqasi dutor, rubob, ud, doira kabi milliy cholg‘u asboblarida ijro etilgan o‘ziga xos ohanglari bilan o‘ziga rom etadi. Aynan Qoshg‘arda Ginnes rekordiga kirgan milliy cholg‘u asboblarini uchratishingiz mumkin. Bu nafaqat san’atga shaydolik, ustalari mahoratining yuqori ekanini ham isbotlaydi.

Qoshg‘arning oshxonasi o‘zbeklarnikiga juda yaqin. Yopgan non, somsa va kabobdan tortib, lag‘mon va palovigacha tatib ko‘rdik. Ayniqsa, palovi Shinjonning boshqa hududlarinikidan ancha mazali, xuddi o‘zbek oshidek.

«Nefrit va qimmatbaho toshlar makoni» deb ataladigan Qoshg‘ar 1000 yildan ortiq vaqt davomida dunyoning turli burchaklaridan kelgan savdogarlarga o‘z eshiklarini ochgan. Bugungi kunda u xalqaro savdo va logistika markazi bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish natijasida janubiy Shinjonning savdo salohiyati oshib bormoqda. O‘tgan yilning 1 noyabrida 179,66 kv.km maydonga ega Xitoy (Shinjon) tajriba erkin savdo zonasi, jumladan, uchta kichik zona – Qoshg‘ar, Urumchi va Xorg‘osda tashkil etildi. 11 noyabr kuni Qashqarda 28,48 kvadrat kilometr maydonga ega erkin savdo zonasi ishga tushirildi. Hududda savdo-sotiq jadal rivojlanmoqda.

Qoshg‘ar bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, import va eksport o‘tgan yili 71,2 foizga oshib, 83,68 milliard yuanga (11,8 milliard dollar) yetgan. Hudud 128 mamlakat va mintaqalar bilan aloqaga ega.

Qoshg‘ar hayratga soladigan, ilhomlantiradigan shahar. U yerga qilgan sayohatimiz bizga tarix va madaniyatning chuqur ildizlarini ko‘rsatdi. Bu dunyoning haqiqiy boyligi va xilma-xilligini ko‘rish uchun bilgan va bilmagan joylarimizni ziyorat qilish naqadar muhimligiga yaqqol misoldir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring