Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV Kitobda koronavirusga chalingan bemor vafot etgani bo‘yicha xabarga izoh berdi

SSV Kitobda koronavirusga chalingan bemor vafot etgani bo‘yicha xabarga izoh berdi

Foto: «Xabar.uz»

31-may kuni Kitob tumanida koronavirus bilan kasallanganlik bo‘yicha gumonlanish holati qayd etilgan edi. Shuningdek, tuman hududi qat’iy karantinga olinib, yopilgandi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur hodisa yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. 

Unga ko‘ra, gumonlanuvchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro N.O. Kitob tumanida yashagan. U 2020-yil 10-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasiga ketgan. Joriy yil 9 may kuni yurtimizga qaytib kelgan va Toshkent viloyatidagi Karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingan. 10-may kuni esa Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan.

O‘tkazilgan diagnostik taxlillardan so‘ng bemorda koronavirus aniqlanmagan. Bundan avval u jigar sirrozi tashxisi bilan davolangan.

Shu yilning 29-may kuni Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasiga olingan taxlil unda gumon natijani qayd etgani bois surtma namunalari 31 may kuni o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, maxsus laboratoriyaga yuborilgan. Shu kuni u o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Koronavirusga gumonlangan marhum bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar ehtiyot chorasi sifatida statsionar va uy karantiniga olingan. Kitob tuman hududi to‘liq karantinga yopilgan.

Shu yilning 31-may kuni yuborilgan surtma namunalarini takror tekshiruv natijalariga ko‘ra, marhum bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi. Demak, bir oy ichida o‘tkazilgan ikkinchi bor diagnostik taxlil ham N.O. koronavirusga chalinmaganligini ko‘rsatgan. U yondosh kasalliklar tufayli vafot etganligi ma’lum bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, qat’iy sanitariya qoidalariga ko‘ra, karantinga olingan fuqarolar ma’lum muddat tibbiy kuzatuvda bo‘lishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring