Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

TBC Bank va Payme metro navigatsiyasining yangilangan tizimini taqdim etdi

TBC Bank va Payme metro navigatsiyasining yangilangan tizimini taqdim etdi

Yangilangan navigatsiya elementlari Alisher Navoiy va Paxtakor bekatlariga o‘rnatildi. Ushbu loyiha transport tizimlari va navigatsiya yechimlari bo‘yicha mashhur dizayner Ilya Birman tomonidan ishlab chiqilgan. Yangi tizimda, asosan, metronning kirish va chiqish joylarini raqamlashtirish ishlari olib borildi.

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilari har kuni duch keladigan muammolarni bartaraf qilish uchun ham navigatsiyani yangilash zaruriy yechim edi. Chunki ayniqsa chiqish va boshqa bekatga o‘tish haqida aniq ma’lumotlar yo‘qligi sabab, eskirgan ko‘rsatkich va sxemalar, ko‘plab yillar davomida yangilanmay, o‘z samarasi va qulayligini yo‘qotgandi. Insonlarning shahar bo‘ylab oson va qulay harakatlanishini ta’minlash uchun TBC Bank va Payme navigatsiyani yangilashga qaror qildi.

«Biz jamoamiz bilan har doim odamlar hayotini yengilroq qilishga intilamiz. Poytaxt metrosining yangi yagona navigatsiya dizayni – bizning shahar bo‘ylab kundalik sayohatlarni yaxshilashga qo‘shgan hissamizdir, chunki qulay va tushunarli navigatsiya – shahar hayotining muhim qismi. Umid qilamizki, bu harakatni yanada qulayroq qiladi», – deya loyihaning ahamiyatini izohladi TBC Bank va Payme marketing bo‘yicha direktori Nodira Shermatova.

Metropolitenning yangilangan sxemasini ishlab chiqish ustida «Byuro Gorbunov» art-direktori Ilya Birman boshchiligidagi TBC Bank va Payme dizaynerlari jamoasi ishladi. Bu jamoa shu kungacha dunyo miqyosida jamoat transporti sxemalari, saytlar, ilovalar va navigatsiya tizimlarini loyihalashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Navigatsiya infratuzilmaning eng muhim qismi hisoblanadi. Ayniqsa metroda yo‘nalish ma’lumotlarini taqdim etish uchun navigatsiya to‘g‘ri ishlab chiqilgan bo‘lishi juda muhim. Samarali navigatsiya tizimi odamlarning yo‘nalishlarni yaxshiroq tushunishlariga va jamoat transportidan foydalanuvchilar sonini oshirishiga yordam beradi. Yaxshi navigatsiya – shahar uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.

Yangilangan navigatsiyada ham asosiy tamoyil shahardagi harakatni yengillashtirish va qulaylashtirishdan iborat edi. Bu tizim metro bekatlaridagi arxitekturaviy ko‘rinishga mos, intuitiv tushunishga oson elementlar asosida ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, navigatsiya tizimi metropoliten grafik dizaynining muhim elementi hisoblanadi. Belgilar va ko‘rsatkichlar doim yo‘lovchilar ko‘z oldida bo‘lishi sababli, ular ko‘zni quvontirishi va stansiyalarga ko‘rk qo‘shishi ham lozim. Shuning uchun, dizaynda «mantiq» va «estetika» birdek ishlaydigan yechimlarni topish muhim edi.

Toshkent metropoliteni uchun shaharning o‘ziga xos madaniyatini aks ettiruvchi maxsus grafik til ishlab chiqildi. Ayrim grafik elementlarda arkalar, gumbazlar va eshiklar bezagida ishlatiladigan an’anaviy naqshlardan foydalanildi. Yangi tizimda kirish va chiqish nuqtalari aniq raqamlarda ko‘rsatildi Toshkent arxitekturasi va madaniy xususiyatlariga mos sxemalar va ko‘rsatkichlar tanlandi, shuningdek, har bir metropoliten liniyasini o‘z rangida belgilovchi yangi rang tizimi joriy etildi.

Raqamlashtirish butun o‘tish bekati markazini qamrab oladi: masalan, Paxtakor — Alisher Navoiy bekatida chiqishlar 1 dan 7 gacha raqamlandi. Chiqish joylari shahar markaziga (Amir Temur haykali) yo‘naltirilgan soat milidan boshlab raqamlanadi. Raqamlashtirish sababli endi yo‘lovchilar tezda kerakli chiqish yo‘lini topishlari, qayerga qaysi tarafdan borishni osongina tushunishlari mumkin.

Bundan tashqari, liniya sxemalaridan tortib eng kichik belgilargacha yagona rang tizimi qo‘llaniladi. Birinchi uchta liniya odatdagi ranglarini saqlab qoldi — qizil, ko‘k va yashil, to‘rtinchi liniya esa oltin rangni oldi. Liniyaning piktogrammalari va raqam belgilari an’anaviy o‘zbek sakkiz qirrali yulduzi va paxta tasviriga ishora qiladi. Shrift tanlashda ifodalilik, Toshkentning o‘ziga xosligi va yozuvlar o‘qishga qulay bo‘lishi hisobga olindi.

«Shahar navigatsiyasi va ayniqsa metropoliten navigatsiyasi — murakkab va qiziqarli ish. Bir tomondan, belgilar va sxemalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri funksional vazifalari bor: odamlar kassa qayerda ekanligi, qaysi poyezd qayerga yurishi va qancha stansiya qolganligini bilishlari kerak. Boshqa tomondan, emotsional holat ham bor: har qanday odam, ayniqsa yer ostida o‘zini yo‘qotib qo‘yganini his qilishi yoqimsiz, shuning uchun navigatsiya g‘amxo‘rlik, puxta o‘ylanganlik va tartib tuyg‘usini yaratishi kerak. Bundan tashqari, ko‘rsatkichlar bekatlar ko‘rinishini buzmasligi, bekat arxitekturasi bilan bahslashmasdan, aksincha, ularni bezashi va boyitishi muhim. Bu mayda piktogrammalardan tortib, elementlarning shakligacha bo‘lgan barcha narsalarning dizayniga ta’sir qiladi. Hozir biz butun metro poytaxt aholisi va mehmonlari uchun tushunarli hamda qulay bo‘lishi uchun zarur bo‘lganda takomillashtirish kiritishga to‘liq tayyor holda birinchi qadamni qo‘ymoqdamiz», – deydi Ilya Birman.

Navigatsiyalar dizayni yo‘lovchilar fikridan kelib chiqib, yanada takomillashtirilishi rejalashtirilgan. Siz ham bu boradagi fikrlaringizni ushbu havolaga kirib, qoldirishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring