Tez-tez yer qimirlashi katta zilzila bo‘lishini anglatadimi?

Albatta, zilzila juda jiddiy tabiiy ofatlar qatoriga kiradi va qayta-qayta takrorlanaverishi kishida hadik o‘yg‘otadi.
O‘zbekiston ahli so‘nggi bir hafta davomida uch bor sezilarli zilzilani boshdan kechirdi. Albatta, tabiatning bu hodisasi qaytalanaverishi kishini o‘yga toldiradi. O‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan bunday tabiiy ofatni yaqin tarixni boshdan kechirgan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz yaxshi eslagani bois dillarda qo‘rquv hissi tug‘ilishini ham to‘g‘ri anglash lozim.
Dastlab 4-may kuni magnitudasi 4,3 ballga teng bo‘lgan zilzila Toshkentdan uzoqligi 143 kilometr masofada qayd etilgan bo‘lsa, kecha, 9-may kuni 3 balli yer qimirlashi butun respublikani xavotirga soldi. Oxirgi zilzila bugun, 10-may kuni soat 19.10 da sodir bo‘ldi. Shukrki bu zilzilalarning barchasi betalafot o‘tdi.
Albatta, zilzila juda jiddiy tabiiy ofatlar qatoriga kiradi va qayta-qayta takrorlanaverishi kishida hadik o‘yg‘otadi. Ayrimlar bunday paytda tez orada juda qattiq yer qimirlashi bo‘lishini aytib, noto‘g‘ri xabar tarqatishga urinishadi. Tarixda kechgan va unutilmagan zilzilalarning dahshatli oqibatlarini yaxshi bilganlarning ayrimlari bu gaplarga ishonib vahima ko‘tara boshlaydilar.
Avvalo shuni ta’kidlash lozim, fan-texnika o‘ta rivojlangan asrimizga kelib ham shu paytga qadar hech bir moslama, hech bir olim yoki ilmiy jamoa zilzilani oldindan bashorat qilib bera olgan emas.
Yana bir muhim jihat — magnitudasi past va bezarar zilzilalarning qisqa muddatda uzluksiz takrorlanishi olimlar tomonidan ijobiy holat, deya baholangan. Chunki mana shunday kam kuchli zilzilalar natijasida yer ostidagi taranglik pasayadi, katta zilzilaning kuchi bo‘linadi.
Demak bu zilzilalardan vahimaga tushish yaramaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter