To‘rt mingta mashina ortilgan kema bir haftadan buyon yonmoqda
Atlantika okeanining Azor orollari (Portugaliya) sohillari yaqinida bir haftadan buyon «Felicity Ace» yuk kemasi yonmoqda. Kema bortiga qariyb to‘rt mingta qimmatbaho mashinalar (jumladan, Lamborghini, Bentley va Porsche) ortilgan.
«Bloomberg» agentligi qutqaruv amaliyotida qatnashayotganlarning ma’lumotlariga asoslanib yonayotgan mashinalarning umumiy qiymati 401 million dollardan oshishini xabar berdi. Hozircha 155 million dollarlik mashinalar yonib bitgan. Butun qolganlariga ham dud va qorakuya o‘tirib qolib jiddiy shikast yetgan. Kema bortiga Volkswagen, Porsche, Audi, Bentley va Lamborghini singari qimmatbaho mashinalar ortilgan.
Mashinalardan tashqari, ortilgan yukka yetkazilgan zararning o‘zi salkam yarim milliard dollarga baholanmoqda.
Kemani qutqarish uchun chaqirilgan Niderlandiyaning «SMIT Salvage» kompaniyasi o‘t o‘chiruvchilari bortda mashinalar soni juda ko‘pligi uchun yong‘inni o‘chirishga qiynalishmoqda.
Yong‘inga elektromobillardan biridagi litiy-ionli akkumulyatordagi nosozlik sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Bunday yuzaga kelgan yong‘inni suv bilan o‘chirish va qamrab olish imkonsiz, deyishmoqda o‘t o‘chiruvchilar.
Panama bayrog‘i ostidagi ushbu kema 16-fevral kuni Germaniyaning «Volkswagen» zavodi joylashgan Emden shahri portidan suzib chiqib, mashinalarni sotish uchun AQShning Rod-Aylend shtatidagi Devisvill shahri tomon yo‘l olgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter