Toshkent ko‘chalari bo‘ylab YPXdan qochgan «Damas» bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi (video)

«Damas» avtomobili YPX mashinasi ta’qibidan qochib ketgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda juda ommalashgan edi. Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati bu borada rasmiy ma’lumot berib o‘tdi.
Videoda tasvirlangan holat kecha, 28 iyul, kech soat 17:00 atrofida ro‘y bergan. «Damas» haydovchisi o‘z boshqaruvidagi avtomobilni Sag‘bon ko‘chasi bo‘ylab, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlantirgan. YPX inspektorlari undan to‘xtashni talab qilgan, ammo haydovchi talabga bo‘ysunmagan.
Shundan so‘ng ichki ishlar organlari xodimlari ta’qib qilishni boshlagan. Biroq bevosita rahbariyat tomonidan berilgan buyruqqa ko‘ra, atrofdagilarga xavf tug‘dirmaslik uchun ta’qib to‘xtatilgan.
Haydovchi esa yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzib, Sag‘bon ko‘chasi va kichik halqa yo‘li chorrahasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. «Damas» avtomobili (davlat raqami 01 A 063 SA) N. F. nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, to‘rt haydovchiga boshqarish uchun ishonchnoma berilgan. IIBB tomonidan qoida buzilgan vaqtda boshqaruvda bo‘lgan haydovchining shaxsi aniqlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter