Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 5915 ta korxona umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tdi

Toshkentda 5915 ta korxona umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tdi

Foto: Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasida shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda soliq tizimidagi o‘zgartirishlarga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Unda poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan salqin ichimliklar, qandolat, sut hamda go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona rahbarlari va bosh hisobchilari ishtirok etdi. Bu haqda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi xabar berdi.

Tadbirda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i N.Tursunov hamda Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari A.Po‘latov Prezidentimizning 2018-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmoni asosida tadbirkorlik sub’yektlariga berilayotgan imkoniyatlar va 2019-yildan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar mazmun-mohiyati haqida batafsil tushuntirish berdi.

Ma’lumki, joriy yildan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari umumbelgilangan soliq to‘lovi tizimiga o‘tmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan 5915 ta sub’yekt qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Foto: Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Seminarda ishtirokchilarga salqin ichimliklar, qandolat, sut hamda go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash, to‘lash hamda hisobotlarni topshirish tartiblari ko‘rgazmali vosita hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.

Muloqot jarayonida qayd etilganidek, bugun soliq xizmati organlari tekshiruvchi emas, xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylanmoqda. Xususan, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlarining 220 nafardan ziyod malakali xodimlari har kuni joylarga chiqqan holda umumbelgilangan soliq to‘lovi tizimiga o‘tayotgan korxonalar rahbar va bosh hisobchilari bilan muloqot o‘tkazmoqda. Ularning muammolari o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilishi barobarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.

Bundan tashqari, umumbelgilangan soliq to‘lovi tizimiga o‘tayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Telegram» ijtimoiy tarmog‘ida sahifalar ochilib, 5000 dan ortiq soliq to‘lovchilarni qiziqtirgan savollarga aniq va tezkor javoblar berilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring