Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda «novostroyka»ga pul to‘laganlar aldandi. Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi

Toshkentda «novostroyka»ga pul to‘laganlar aldandi. Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi

Toshkent shahrining Yashnobod tumani Izzat ko‘chasidagi uy-joylarning qurilishi va fuqarolarga sotish jarayonlarini o‘rganish hamda yuzaga kelgan muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi. Unga Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raislik qiladi.

Kun.uz nashri ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolardan hali qurilmagan kvartiralar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan firmaning va’da qilingan hududda turar joy majmuasi qurishga ruxsati bo‘lmagan.

«AZIYA INVEST FAVORIT» MChJ bilan Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan uylardan birini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan bir guruh fuqarolar nashrga murojaat qilib, oradan bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay qurilish ishlari hali boshlanmaganidan shikoyat qilishgan. Ularning aytishicha MChJ rahbari qamoqqa olingan bo‘lib, ishchi-xodimlar pullarini qaytarishni talab qilib borganlarga firma yopilganini aytishgan. Bundan tashqari, bir guruh fuqarolarning videomurojaatlari YouTube platformasiga ham joylashtirilgan.

«2023 yil 14 fevralda AZIYA INVEST FAVORIT qurilish firmasiga uy olish maqsadida to‘lov qilganmiz. Ular bizga shartnomada Yashnobod tumani Izzat ko‘chasidagi bir yerni ko‘rsatib, 58-uy shu yerda quriladi deb aytishgan. Endi aniq bo‘lyaptiki, firmada bu yerga egalik huquqi yo‘q. Firma rahbarlari qurilish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan mingdan ziyod odamni aldab qurilmaydigan uylarni sotgan. Buning oqibatida 1090 tadan ziyod xaridor pulsiz va uysiz qolmoqdamiz», deydi bir murojaatchi.

Aldangan fuqarolar quruvchilar avvalboshdan uy qurish niyatida bo‘lmagani, uylarning kvadrat metri uchun poytaxt bo‘yicha eng arzon narx belgilab, shu yo‘l bilan ko‘pchilikni tuzoqqa tushirishgani, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu firibgarlik sxemasi va ancha oldin yo‘llangan shikoyatlarni e’tiborsiz qoldirishgani ta’kidlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «AZIYA INVEST FAVORIT» MChJ mansabdorlari tomonidan fuqarolarga yetkazilgan zarar 300 milliard so‘mdan oshadi. Qonunbuzarlar esa jinoiy ta’qibdan qochib yashirinishgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring