«Toshshahartransxizmat» avtobusdan tushirib yuborilgan keksa ayol voqeasiga izoh berdi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda yana jamoat transporti bilan bog‘liq mojaro aks etgan video tarqaldi.
Unda 51-avtobus yo‘nalishida haydovchi va chiptachining keksa ayolga qo‘pol muomalada bo‘lib, avtobusdan tushirib yuborgani aks etgan. Voqea jamoatchilik o‘rtasida munozaralarga sabab bo‘ldi.
«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan shoshilinch tarzda komissiya tuzilib, o‘rganilgan. Haydovchi va chiptachidan voqea yuzasidan tushuntirish xati olingan.
«Albatta, haydovchi va chiptachi kasb odobiga rioya etmagani, muomala madaniyatini buzganligi, yo‘lovchiga qo‘pol muomalada bo‘lgani uchun to‘la aybdor. Ularga nisbatan ichki tartibdan kelib chiqib intizomiy jazo belgilandi. Haydovchi va chiptachiga nisbatan xayfsan e’lon qilindi.
Biroq haydovchi va chiptachi so‘zlariga ko‘ra, keksa ayol o‘zi aytganidek birinchi marta emas, balki bir necha marta avtobusda bepul yurgan. Ayol u tekinga avtobusdan foydalanishi huquqi borligini aytgan. Ammo bunga hech qanday asos mavjud emas» deyiladi xabarda.
Shu bois haydovchi va chiptachi uni avtobusdan tushirib yuborgan.
Shahar yo‘lovchi transportida (avtobusda) bepul yurish huquqini olgan fuqarolar toifalari ro‘yxati bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.
Avvalroq, nogiron kishini avtobusga mindirishni istamagan haydovchi jazolangandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter