Ukraina qarshi hujumi qanday yakunlanadi? Uch ssenariy ochiqlandi
So‘nggi haftalarda Ukraina qurolli kuchlarining bosib olingan hududlarni qaytarib olishga qaratilgan qarshi hujumi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. BBC nashri qarshi hujum qanday yakunlanishi borasida uch ssenariy haqida yozdi.
«Tunuka nazariyasi». Sir emas, tunuka osongina shaklga kiradigan, ammo ancha mustahkam material. Bu versiya tarafdorlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlariga okkupantlarni o‘z hududidan haydab chiqarish oson bo‘lmaydi. Avvalo, Rossiya harbiylari Ukraina qarshi hujum boshlagunga qadar tayyorgarlik uchun ko‘p vaqtga ega bo‘ldi, maxsus mudofaa inshootlari barpo etdi. Qolaversa, rus askarlari soni ham xiyla ko‘p. Ushbu nazariyaga ko‘ra, ukrainalik harbiylar front chizig‘ini bir necha kilometrga ortga sura oladi, ammo sharqiy va janubi-sharqiy hududlarida qayta nazorat o‘rnata bilmaydi.
«Urush taqdiri jang maydonida emas, balki siyosiy kelishuvlar orqali hal etiladi», – deydi BBC suhbatlashgan ukrainalik harbiy shifokor.
«Yog‘och nazariyasi». Bu taxminga muvofiq, front chizig‘i kuchli zarbadan keyin yorilishi mumkin, ammo butkul parokandalikka yuz tutmaydi. Ukrainaliklar harbiy-jangovar ruhi u qadar baland bo‘lmagan raqib armiyasiga kuchli zarba berib, asta-sekinlik bilan o‘ziga tegishli hududlarni qaytarib oladi. Ammo strategik ulkan yutuqlar katta insoniy qurbonlar talab etadi. Ukraina tomoni esa hududlar uchun insoniy talafotlar berish yo‘lidan bormasligi mumkin. Shunga ko‘ra qarshi hujum Rossiya armiyasining tor-mor etilishi bilan yakunlanishi ehtimoli kam.
«Shisha nazariyasi». G‘arblik bir qator harbiy ekspertlar, yuqori martabali mulozimlar, masalan, Buyuk Britaniya bosh shtabi rahbari Toni Radakin fikricha, qarshi hujum ko‘ngildagidek kechmoqda. Bir necha hafta yoki oylardan keyin Rossiya mudofaasi shisha kabi sinadi va Ukraina 2022 yil 24 fevraldan keyin qo‘ldan ketgan hududlari, hatto Qrimni ham qayta o‘z tasarrufiga oladi. Ayni paytda Ukraina tomoni havoda ustun emas, bu borada zaiflik ilgarilama harakatni qiyinlashtiradi. Ushbu versiya tarafdorlari tushkunlikka tushmasdan, sabr bilan vaziyatni kuzatishni tavsiya qiladi. Qarshi hujumdagi muvaffaqiyatga shubha qilmayotgan Toni Radakin Rossiya armiyasi jangovar qobiliyatining deyarli yarmini Ukraina zaminida boy berganini ta’kidlaydi.
Ukraina harbiy va siyosiy rahbariyati ham qarshi hujum endi boshlangani, hali yutqiziq haqida gapirish erta ekanini aytmoqda. Ayni choqda, Kiyev umumiy natija g‘arblik hamkorlar va’da qilingan harbiy aslahalarni nechog‘li tez fursatda yetkazishiga bog‘liq deb hisoblaydi. Jumladan, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak qarshi hujum muvaffaqiyatiga G‘arb harbiy texnikasining Kiyevga sekin yetkazib berilishi to‘sqinlik qilayotgani haqida gapirgan.
Prezident Vladimir Zelenskiy ham qarshi hujum kutilganidan sekin kechayotganini tan olgan holda, urushni Hollivud filmi deb qabul qilmaslikni uqtirgan.
Harbiy ekspertlar fikricha, Rossiya harbiylari Ukraina qarshi hujumi boshlangunga qadar ulkan hududlarni minalashtirib chiqqan. Zelenskiy ham o‘z vatandoshlarini minalangan maydonlarga jo‘natishga shoshilmaslikni ma’qul ko‘rmoqda.
Avval xabar berganimizdek, AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Hojes Ukraina Rossiya ustidan tezkor g‘alaba qozonishi uchun G‘arb Kiyevga qiruvchi uchoqlarni tez fursatda taqdim etishi lozimligini ta’kidlagan edi.
«Hozirgi darajada qo‘llab-quvvatlashda davom etsak, Ukraina shubhasiz g‘alaba qozonadi. Ammo buning uchun 5 yil kerak bo‘ladi va ushbu vaqt davomida ko‘plab begunoh insonlar qoni to‘kiladi», – degan sobiq qo‘mondon.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya armiyasiga qarshi hujumi iyun oyida boshlangan. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida Ukraina qo‘shini ayrim hududlarda Rossiya mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani, yana ayrim uchastkalarda qarshi hujum sekin kechayotgani bayon qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter