Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ukraina urushi Xitoy rejalarini yo‘qqa chiqarmoqda» – iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul

Yaqin bir oy ichida jahon siyosatida ko‘plab muhim voqealar ro‘y berdi. Joriy yilning mart oyida Xitoy raisi Si Szinpin Rossiyaga davlat tashrifi bilan borgan bo‘lsa, aprel oyining boshida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Xitoyga keldi.

Biz bugun Xitoyning global siyosatda tutayotgan o‘rni va Ukraina urushiga Xitoyning ta’siri haqida suhbatlashamiz. Bugungi suhbatdoshimiz iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul.

– Nega so‘nggi vaqtlarda Xitoyga Yevropa rahbarlari serqatnov bo‘lib qoldi?

– Buning asosiy sababi Xitoy Ukraina-Rossiya urushida moderatorlik rolini bajarmoqchi. Bu rolni yaqin-yaqingacha Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on bajarib kelayotgan edi. Ammo Turkiyada ro‘y bergan zilzila va prezidentlik saylovining may oyiga ko‘chirilishi Erdo‘g‘onning moderatorlik imkoniyatlarini biroz chekladi. Hozir Turkiya rahbari o‘zining ichki muammolari bilan band bo‘lib qoldi. Endi bu rolni Xitoy qo‘lga kiritmoqchi bo‘lyapti. Xitoy rahbarining mart oyida Moskvaga safar qilishining asosiy sababi ham Rossiyaning rejasini o‘rganib, o‘zining tinchlik o‘rnatish dasturini jahonga e’lon qilish edi. Xitoyning shu pozitsiyasi Yevropa liderlarining Pekinga serqatnov bo‘lib qolishiga asosiy sabab hisoblanadi.

– Ko‘plab tahlilchilar «Yevropa Xitoy orqali Rossiyaga bosim o‘tkazmoqchi», degan fikrni ilgari surishmoqda. Haqiqatdan ham Yevropa Xitoy orqali Rossiyaga bosim o‘tkazmoqchimi?

– Rossiyaga Xitoy orqali bosim o‘tkazish qanchalik to‘g‘ri ekanligini bilmayman. Lekin Xitoyni o‘zi urushni tezroq tugatish tarafdori. Chunki Xitoy Ukraina-Rossiya urushidan juda katta iqtisodiy zarar ko‘rmoqda. 2022 yilda, 43 yillik tarixda ilk bor Xitoyning yalpi ichki milliy mahsuloti (YaIM) 3 foizga tushib qoldi. Bu statistik ma’lumotni Xitoyni o‘zi e’lon qildi. Aslida reja bo‘yicha, Xitoy iqtisodi 2022 yilda 6,5 foizga o‘sishi kerak edi, lekin bunday bo‘lmadi. Pandemiya davrida ham Xitoy iqtisodiyoti stagnatsiyaga yuz tutgandi. 2021 yilda Xitoy iqtisodi 8,1 foizga o‘sgan.

Ukraina urushi Xitoy iqtisodiyotiga bevosita ta’sir o‘tkazmoqda va Xitoyning tuzgan rejalarini yo‘qqa chiqarmoqda. Urush Xitoy mahsulotlarini Yevropaga chiqishi uchun muammo tug‘diryapti. Xitoy shu vaqtga qadar asosiy mahsulotlarini Qozog‘iston va Rossiya orqali Yevropaga olib borgan. Hozir Xitoy boshqa aylanma yo‘llardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Ayni shu sababdan ham Xitoy urushda moderatorlik vazifasini o‘z qo‘liga olmoqchi, lekin xalqaro tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu ish hali beri hal bo‘lmaydi. Chunki Xitoy rahbari Moskvada Putin bilan uchrashganidan keyin, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham suhbatlashishi kerak edi. Ammo bu muloqot to‘xtab turibdi.

Joriy yilning mart oyida Si Szinpin Moskvaga borganida o‘z oldiga boshqa maqsadlarni qo‘ygan edi. Rossiya rahbariyati esa Xitoydan boshqa narsani kutgandi. Prezident Putin Xitoydan harbiy yordam olib, urushni yutib chiqishni ko‘zlagandi, ammo Putinning bu maqsadi amalga oshmay qoldi. Xitoyni maqsadi esa Rossiyaga harbiy yordam berish emas, balki urushni tezroq yakunlash edi. Shu yerda har ikki tomonning maqsadlarida farqlar borligi ko‘rinib qoldi. Xitoy rahbari Moskvaga kelganida Rossiya matbuoti buni «biz Xitoy bilan abadiy do‘stmiz, ulardan yordam olamiz», deya talqin qildi. Bundan G‘arb liderlari ancha xavotirga tusha boshladi. Shu xavotir natijasi o‘laroq, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Xitoyga yetib keldi.

Bir haftalar oldin Xitoyning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Fu Sun matbuot konferensiyasi chaqirdi. Unda elchi Fu Sun Xitoy Ukraina urushida hech qaysi tomonda emasligini, Xitoyning Rossiyaga hech qanday harbiy yordam berish rejasi yo‘qligini, Rossiya matbuotida yangragan gaplar aslida bir ritorika ekanligini aytdi. Bu yangilik dunyo matbuotini ancha junbushga keltirdi.

Yaqinda Xitoy rahbari generallarga urushga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini bildirdi. Shu sabali ham Tayvan muammosi yana qo‘zg‘alib qolmaydimi?

– Haqiqatdan ham Xitoy rahbari generallarga armiya urushga tayyor turishi kerakligini aytdi, ammo tahlil markazlari bu gaplarni jiddiy emasligini ta’kidlamoqda. Xitoy vaqti-vaqti bilan bunday gaplarni aytib turadi. Mao Szedun Xitoy rahbari bo‘lgan davr (1943-1976 yillar)da Xitoyning AQSh bilan aloqalarini yaxshi bo‘lmagan. U har doim Amerikani ogohlantirib turarkan. Bu ogohlantirishlar juda qo‘rqinchli bo‘lar edi. Bu, ayniqsa, Vetnam urushi vaqtida kuchaygan. O‘shanda Xitoy AQShni 570 marta ogohlantirgan. Aytmoqchi bo‘lganim, siyosatda bunday ritorik gaplar bo‘lib turadi. «Xitoy yaqin orada Tayvanga harbiy agressiya qiladi», degan fikrlar noto‘g‘ri. Xitoy yaqin o‘rtada o‘z atrofida hech qanday harbiy eskalatsiyani keltirib chiqarmoqchi emas. Uning iqtisodiy ahvoli bunga yo‘l qo‘ymaydi.

– Rossiyaning yadro qurolini Belarus hududiga joylashtirish g‘oyasini Xitoy qanday qabul qilgan bo‘lishi mumkin?

– Moskvadagi kelishuvda tomonlarning e’lon qilgan deklaratsiyada yadro qurolini qanday bo‘lishdan qat’iy nazar tarqatmaslik haqida gapirilgan. Rossiya Xitoy bilan kelishuvda mana shu majburiyatni olgan edi, ammo Si Szinpin Moskvadan ketganidan so‘ng, Putin taktik yadro qurolini Belarus hududiga joylashtirishni aytdi. Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyida BMT xavfsizlik kengashida rasman yadro quroli bo‘lgan 5 ta davlat, shu jumladan, Rossiyaning o‘zi ham yadro qurolini tarqatmaslik va ishlatmaslik haqida memorandum e’lon qilgan edi.

– Joriy yilning mart oyida Saudiya va Eron diplomatik aloqalarni tiklashga kelishib oldi. Bunda Xitoy o‘rtada turib vositachilik qildi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga to‘liq a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi memorandumni ma’qulladi. Nega Saudiya AQShdan uzilib, Xitoy tomon yuzlanmoqda?

– Xitoyning bunday tinchliksevarligining ortida juda katta iqtisodiy manfaatlar turibdi. Saudiya Eron bilan diplomatik aloqa o‘rnatishidan oldin, Xitoy va Saudiya o‘rtasida uzoq muddatli neft kelishuvi imzolandi. Rossiya ham Xitoy bilan shunday shartnoma imzolamoqchi edi, lekin Xitoy Rossiya bilan emas, Saudiya bilan hamkorlik qilishni afzal ko‘rdi. Bundan tashqari, yaqinda Eron va Xitoy neft savdosi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu Rossiyaning iqtisodiy manfaatlariga katta zarba bo‘ldi.

Saudiya va Eronni yarashtirishdan asosiy maqsad Xitoyga Yaqin Sharqda tinchlik kerak. Bu juda qiyin ish edi. Ikki davlat o‘rtasida diniy, geosiyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar bor, lekin shunga qaramay Xitoy bu ikki mamlakatni kelishtira oldi.

Yaqin-yaqingacha Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqda AQShning eng yaqin hamkori edi. Hozir Saudiya tashqi siyosatda bir tomonga qarab qolmaslik uchun tashqi siyosatini diversifikatsiya qilmoqda.

– Yaqinda Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) kutilmaganda neft qazib olishni kuniga million barrelga qisqartirishga qaror qildi. Bu qaror Xitoy, Rossiya va Yevropa iqtisodiga qanday ta’sir qiladi?

– OPEKning neft qazib olishni tushirishining asosiy sababi Yevropa OPEK davlatlaridan neft sotib olishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng OPEK davlatlari bir kunlik neft qazib olishni 1 million 280 ming barrelga tushirdi. Bu 2020 yildagi koronavirus davridagi qazib olish hajmi bilan teng. Qazib olish tushirilgach, dastlab neft bozorida narx ko‘tarildi, lekin biroz vaqt o‘tgach neft narxi joyiga qaytdi.

– Vaqt o‘tishi bilan yuan dollarga tenglasha oladimi?

– Bugungi kunda jahon savdosining 50 foizi dollarda, 30 foizi yevroda, qolgan 20 foizi boshqa valyutalarda amalga oshiriladi. 2021 yilda jahon savdosida yuanning ulushi 4 foizni tashkil qildi.

Bundan tashqari, AQSh iqtisodi koronavirus davridan keyin 3,8-4 foizga o‘sdi. Xitoy iqtisodi esa 2022 yilda 3 foizga o‘sdi. Xitoy 2030 yilga qadar AQShni iqtisodiy jihatdan quvib o‘tishni reja qilgan, biroq yildan-yilga Xitoyning iqtisodiy o‘sish surati pastga tushib ketmoqda. Agar Xitoy Amerikani quvib o‘tmoqchi bo‘lsa, har yili Xitoy iqtisodi 7 foizga o‘sishi kerak. Ana shunda Xitoy AQShga yetib olishi mumkin.

Sardor Ali suhbatlashdi 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring