Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ukraina xalqi nufuzli mukofotga loyiq topildi

Ukraina xalqi nufuzli mukofotga loyiq topildi

Yevroparlament raisi R.Metsola va Ukraina prezidenti V.Zelenskiy.

Foto: Twitter/Roberta Metsola

Yevropa parlamentining Andrey Saxarov nomidagi «Fikr erkinligi uchun» mukofotiga Ukraina xalqi sazovor bo‘ldi. Bu haqdagi qaror 19 oktyabr kuni Strasburg shahrida Yevroparlament hay’ati tomonidan qabul qilindi. Yevropa Ittifoqi qonunchilik idorasi shu tariqa Rossiya bosqiniga qarshi mardonavor kurashayotgan xalqqa o‘ziga xos tarzda ehtirom bildirdi.

Yevropa parlamentiga ko‘ra, mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlik, shuningdek, demokratiya, qonun ustuvorligi va boshqa Yevropa qadriyatlarini himoya qilayotgan ukrainaliklar misli ko‘rilmagan talafot va yo‘qotishlar ko‘rmoqda, ammo o‘z maslagi va maqsadi yo‘lida sobit turibdi. 

Yevropa deputatlari prezident Vladimir Zelenskiyning mustahkam irodasi va xalqiga sadoqati, shuningdek, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati vakillarining xizmatlarini ham yuksak baholagan.

«Bu mukofot jang maydonida sabot ko‘rsatayotgan, o‘z boshpanasini tark etishga majbur bo‘lgan, yaqinlari va jigarlaridan ayrilgan ukrainaliklarga, o‘z e’tiqodi yo‘lida oyoqqa turgan va kurashayotgan barcha-barchaga atalgan. Ishonchim komilki, jasoratli Ukraina xalqi taslim bo‘lmaydi va albatta biz ham!» – deydi Yevropa parlamenti raisi Roberta Metsola.

Qonunchilik idorasi rahbariga ko‘ra, ukrainaliklar nafaqat o‘z vatani mustaqilligi, ayni choqda, demokratik qadriyatlarni ham himoya qilmoqda, Yevropa Ittifoqini parokanda qilishga urinayotgan shafqatsiz rejim zulmiga chek qo‘yishga urinmoqda.

Taniqli fizik olim va inson huquqlari himoyachisi Andrey Saxarov nomi bilan atalgan «Fikr erkinligi uchun» mukofoti Yevropa parlamenti tomonidan 1988 yilda ta’sis etilgan. YeIning inson huquqlari bo‘yicha nufuzli sovrini har yili demokratik qadriyatlar va asosiy haq-huquqlar himoyasiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar hamda jamoat tashkilotlariga topshiriladi.  2021 yilda ushbu mukofot rossiyalik taniqli siyosatchi, ayni paytda tutqungohda jazo o‘tayotgan Aleksey Navalniyga berilgan.  

Bu yil mukofotga asosiy nomzodlar orasida Wikileaks asoschisi Julian Assanj, xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqti o‘ldirilgan taniqli jurnalist, «Al-Jazira» muxbiri Shirin Abu Aqla, Kolumbiya sulh va haqiqatni qaror toptirish komissiyasi ham bor edi.

Andrey Saxarov nomidagi «Fikr erkinligi uchun» mukofotini topshirish marosimi 14 dekabr kuni Strasburg shahrida bo‘lib o‘tadi.

Joriy yil 24 fevral kuni Rossiya qo‘shini Ukraina hududiga bostirib kirganidan buyon YeI rasmiy Kiyevni agressiyaga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Avval xabar berganimizdek, yaqinda YeI kengashi Ukrainaga yana 5 milliard yevro moliyaviy ko‘mak ajratishga qaror qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring