Uxan va Xitoyning boshqa hududlaridan kelgan o‘zbekistonliklar ikki hafta karantinda saqlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-yanvardagi farmoyishiga asosan O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi.
Maxsus komissiyaning joriy yil 3-fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida kelgusidagi vazifalar muhokama qilingan.
O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelish uchun charter reyslar tashkil etildi. Ushbu charter reyslarning dastlabkisi 4-5-fevral kunlari amalga oshiriladi.
Mazkur samolyotlarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi buyurtmasiga asosan mamlakatda qolib, faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan hamyurtlarimizga zarur antiseptik va dezinfeksiya vositalari yetkaziladi hamda bepul beriladi.
Xitoydan vatandoshlarni olib kelish jarayonida barcha sanitariya-epidemiologiya talablariga qatiy rioya qilinadi, yo‘lovchilarning har biri shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi.
Koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, qulay sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida Xitoydan olib kelinadigan vatandoshlarimiz Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tayyorlangan maxsus tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi.
Mazkur muassasalar to‘liq karantin talablari asosida jihozlangan. Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilgan, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadi.
«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelinadigan o‘zbekistonliklar ikki hafta davomida karantin ostida saqlanadi. Ushbu vaqt davomida ularning oila-a’zolari bilan uchrashishi ta’qiqlanadi. Yaqinlari bilan faqat maxsus telefon aloqasi orqali muloqot qilishi mumkin bo‘ladi» - deyiladi komissiya yig‘ilishi xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter