Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vyacheslav Golishev qayerda?

Vyacheslav Golishev qayerda?

Vyacheslav Golishev Oqsaroy fonida. Surat 1997 yilda olingan.

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Shu yilning fevrali boshida O‘zbekiston Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi xizmati butunlay tugatilib, sho‘’ba shaklida Prezidentning Ijro etuvchi apparati tarkibiga qo‘shilgan edi. Ammo bu haqda hech qayerda ma’lumot tarqatilmadi.

Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan Vyacheslav Arkadevich hali kompartiya hukmronlik qilgan davrlardayoq O‘zbekiston kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi ijtimoiy-iqtisodiy bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1994-yildan Davlat prognozlashtirish va statistika qo‘mitasi raisining, keyinchalik Makroiqtisodiyot va statistika vazirining birinchi o‘rinbosari, 1996 — 2003-yillarda Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, 2003-yilning iyunidan 2005-yilning iyuliga qadar davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1999 — 2005-yillarda Oliy Majlis deputati sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.

2005-yilning iyulidan to 2006-yilning apreligacha Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha kompleks rahbari lavozimida ishladi. 2006-yil 11-apreldan buyon yana O‘zbekiston Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

Birinchi Prezident davrida iqtisodiyot sohasidagi har qanday g‘oya va tashabbuslar u orqali davlat rahbariga yetkazilar, barcha jimjimador va bo‘rttirib yozilgan ko‘rsatkichlar u va sobiq moliya vaziri Rustam Azimov tomonidan ma’qullanganidan so‘nggina davlat rahbarining ma’ruzalariga kiritilar edi.

Bozor iqtisodiyoti qurish yo‘lidagi jahonning hech qayerida uchramaydigan «o‘ziga xos va o‘ziga mos o‘zbek modeli» ijodkorlaridan biri ham aynan shu shaxs edi. Bu islohotlar oqibatida aholining iqtisodiy ahvoli qanday holatga tushgani bugun hammamizga ayon.

Rossiyaga qatnaydigan millionlab migrantlar oqimi paydo bo‘lgani, faoliyat ko‘rsatgan yuzlab korxonalar kasodga uchragani, xalqaro moliyaviy muassasalar bilan aloqalar minimal holatga tushib qolgani, iqtisodiyotga davlat aralashuvi haddan ortiq o‘sgani, xalqning turmush darajasi keskin pasayganini bugun hech kim inkor qilolmaydi.

U o‘z xizmatiga kadrlarni Vazirlar Mahkamasidan, asosan sobiq Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov kompleksidan va sobiq Markaziy bank rahbari Fayzulla Mullajonov muassasasidan olishi bilan ham tanilgan edi. Shuningdek, Golishev Prezident devoni Ishlar boshqarmasi rahbari sifatida faoliyat yuritgan, Devonni yozilmagan qoidaga ko‘ra amalda boshqargan va insoniy fazilatlari bilan yaxshi tanilgan Zelimxon Haydarovning ham katta hurmatini qozongan shaxs edi.

Golishevni ayrim ekspertlar Rustam Azimovning «cho‘qintirgan otasi» ham deb atashadi. U Islom Karimovga sobiq moliya vaziri haqida doimo ijobiy fikr bildirib, eng qaltis va xato qilgan paytlarida ham buyuk siyosatchining g‘azab qamchisidan asrab kelgani borasida yuqori doiralarda ko‘p gap-so‘zlar yuradi.

Vyacheslav Golishev Islom Karimov bilan Davlat plan qo‘mitasida birga ishlagan. U Birinchi Prezidentning ishonchini qozongan va hukmron oilaga yaqin kishi sifatida uzoq yillar siyosiy elita tepasidagi yirik amaldorlik mavqeini mahkam saqlab keldi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Vyacheslav Golishev mamlakat iqtisodiy kompleksini boshqargan amaldor sifatida biror marotaba tarmoq islohotlari haqida ochiq bayonot bilan chiqqan emas, doimo sahna ortida qolgan. U o‘zbek xalqi iqtisodiyoti haqida hashamatli kabinetida milliy dastur va qarorlar qabul qilar ekan, oddiy odamlarning qishloqlarda qanday yashayotgani, qiynalib ro‘zg‘or tebratayotgani, oilasini boqish uchun duch kelgan qora ishlarni ham bajarayotgani, kun bo‘yi ishlasa-da, topgan puliga qorni to‘yib ovqat yemayotganidan mutlaqo bexabar bo‘lgani aytiladi.

Shu bilan birga u garchi o‘zbek tilida erkin so‘zlashmagan bo‘lsa-da, ishda va ko‘cha-ko‘yda o‘ta kamtarligi bilan ajralib turgan. Bundan tashqari, hokimiyatdagi turli guruhlar o‘yinlariga doimo neytral pozitsiyadan turib yondashgan.

Uning rafiqasi Irina Golisheva uzoq yillar Moliya vazirligi Soliq va bojxona-tarif siyosati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, amalda Rustam Azimovning bu ikki tarmoq bo‘yicha bosh maslahatchisi, doimiy ravishda «iqtisodiy boshqaruvchilar tandemining soat millarini to‘g‘rilab turuvchi» vositachi vazifasini o‘tab kelgan.

Yaqinda sobiq moliya vaziri va uning «komandasi» Prezident Shavkat Mirziyoyevning jiddiy tanqidiga uchragach, 2017-yil 26-dekabrda Golisheva xonim ishdan haydalgan edi. Davlat budjeti bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ella Ostrogojskaya ham aynan uning shafeligida Moliya vazirligida qudratli kuchga aylangani taxmin qilinadi.

67 yoshli sobiq amaldor Vyacheslav Golishevning hozirgi taqdiri noma’lum. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra u pensiyaga chiqqan. Ayni paytda O‘zbekistondami yoki xorijdami, bu haqda ham aniq ma’lumot yo‘q.

Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev bu kabi qat’iy o‘zgarishlar bilan respublikadagi eng oliy dargoh — Prezident devonini mas’ul xodimlarning ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tizimidan xalqchil ijro etuvchi tuzilmaga aylantirish niyatini yana bir bor tasdiqlamoqda. «Otvetrabotnik»lar (mas’ul xodimlar) sonini qisqartirish orqali ish unumini oshirishni ko‘zlamoqda, uzoq yillar mamlakatda iqtisodiy islohotlar tepasida turgan, shu bilan birga kutilgan natijaga erisha olmagan va zamonaviy talablarga moslasha olmayotgan, g‘ayrat va shijoat ko‘rsatmayotgan maslahatchilardan birma-bir voz kechishdek oqilona siyosat yuritayotgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.

Bu faktlar Prezidentning Oliy Majlisga murojaati chog‘ida yuqori boshqaruv idoralari xodimlarining sonini keskin kamaytirish haqida bildirgan bayonotiga ham to‘la mos keladi.

Said Ibrohimov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring